Huawei 1
Janubiy Koreya KXDR bilan chegarada tashviqot radiosini o‘chirdi

11 iyun kuni Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya bilan chegarada ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatiladigan tashviqot eshittirishlarini to‘xtatdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi «ishonchni tiklash»ga urinish chorasi sifatida amalga oshirildi, deb xabar berdi Yonhap.

«Bu qaror Koreya yarim orolida koreyslararo ishonch va tinchlikni tiklash haqidagi va’dani bajarishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida qabul qilindi», deyiladi xabarda.

Seul bir yil avval Shimoliy Koreyaning chegara orqali chiqindi bilan to‘ldirilgan sharlarni uchirganiga javoban ovoz kuchaytirgich eshittirishlarini qayta boshlagan edi. Eshittirishlar axborot byulletenlarini, chegara yaqinidagi Shimoliy Koreya askarlarini Janubiy Koreyaga qochib o‘tishga chaqirishlarini hamda KXDR hududida taqiqlangan Key-pop qo‘shiqlarini o‘z ichiga oladi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, translatsiyalar chegara orqali kunduzi 10 km gacha, kechasi esa 24 km gacha bo‘lgan masofada eshitilishi mumkin.

Janubiy Koreya harbiylari KXDR chiqindi sharlarini yuborishni to‘xtatganini ham hisobga oldi. 

3 iyun kuni Janubiy Koreyada muddatidan oldin prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi va unda muxolifatdagi Toburo demokratik partiyasi nomzodi Li Chje Myon g‘alaba qozondi. Saylov kampaniyasi chog‘ida u koreyalararo munosabatlarni yaxshilash maqsadida Pxenyanga qarshi varaqalar tarqatish va ovoz kuchaytirgichlar kampaniyasini to‘xtatishga va’da bergan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61312 | Инструменты