JSST: Alkogol va giyohvand moddalar isteʼmoli yiliga 3,2 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, spirtli ichimliklar isteʼmoli yiliga 2,6 million kishining umriga zomin bo‘lmoqda. Bu dunyodagi barcha o‘lim holatlarining 4,7 foiziga teng.

Shuningdek, yana 600 ming odamning hayotdan erta ko‘z yumishi psixoaktiv moddalar qabul qilish bilan bog‘liq.

Tahlillarda keltirilishicha, hozir Yer yuzi aholisining qariyb 400 million nafari alkogol va giyohvand moddalar isteʼmol qilishdan aziyat chekmoqda. Ulardan 209 million nafari spirtli ichimliklarga qaram bo‘lib qolgan. Oqibat va asoratlar esa ayanchli.

Masalan, 2019 yilda alkogol bilan bog‘liq o‘limning taxminan 1,6 millioni yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan, 474 mingtasi yurak-qon tomir va 401 mingtasi saraton xastaliklari tufayli sodir bo‘lgan.

Taxminan 724 ming kishi jarohatlar, xususan, yo‘l-transport hodisalari, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va shaxslararo zo‘ravonlik natijasida vafot etgan. Yana 284 ming kishi yuqumli kasalliklar qurboniga aylangan.

Spirtli ichimliklar bilan bog‘liq o‘lim holatlarining eng yuqori ulushi, yaʼni 13 foizi 20-39 yoshdagi aholi qatlamiga to‘g‘ri kelgan.

Jahon bo‘yicha 15-19 yoshli o‘smirlarning 23,5 foizi spirtli ichimliklar isteʼmol qiluvchilardir. Ularning katta qismi Yevropa mintaqasi (45,9 foiz) hamda Shimoliy va Janubiy Amerika (43,9 foiz)da yashaydi.

Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan alkogolga qarshi global harakat rejasini amalga oshirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70603 | Инструменты