Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” MFYdagi uylardan birida sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash maqsadida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi.
Aniqlanishicha, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs mazkur xonadonni har oyiga 250 AQSH dollaridan ijaraga olib, u yerda giyohvandlik vositalari tayyorlash bilan shug‘ullanishgan.
Ko‘zdan kechirish davomida, ushbu manzildan 8 kg. 185 gr. Alfa-PVP, 4 kg. 209 gr. “Spays”, 427 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak bo‘ladigan 12 kg. 326 gr. maxsus suyuqlik va 13 kg. 925 gr. tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg. 821 gr. sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 mlrd. 185 mln. so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, qonunbuzarlar internet tarmog‘i orqali giyohvandlik vositalari sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari tomonidan “zakladka” usulida yetkazib berilgan xom-ashyo mahsulotlari asosida narkotik moddalar tayyorlab, viloyat bo‘yicha belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini jinoiy guruh aʼzolariga yuborib turishgan.
Buning evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta ko‘rinishida 500 AQSH dollaridan maosh olgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31216 | Инструменты