Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti avvalgi bayonotlarida dunyoda parranda grippi virusi tez mutatsiyaga uchrab, uning nafaqat qanotli jonzotlar, balki insonlarga yuqish xavfi ham yuqoriligi xususida ogohlantirgan edi.
Tashkilotning kuni kecha eʼlon qilingan yangi hisobotida qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida H5N1 virusini yuqtirish bilan bog‘liq 76 ta shunday holat qayd etilgan.
Bemorlarning aksariyati qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bo‘lib, 61 nafari AQSHda yashovchi fuqarolardir. Shuningdek, bunday holatlar Avstraliya, Kanada, Xitoy, Kambodja va Vyetnamda ham ro‘yxatga olingan.
H5N1 virusi hozircha odamdan odamga yuqish uchun moslashmagan va o‘rganishlar davomida bu kabi holatlar aniqlanmagan.
“Biroq virus mutatsiyaga uchrashda davom etar ekan, vaziyat tezda o‘zgarishi mumkin va biz bunday “ssenariy”ga doim tayyor bo‘lishimiz kerak”, — deydi JSSTning masʼul vakili Mariya Van Kerxove.
Ayni sababdan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni kasallik ustidan nazoratni kuchaytirish va aniqlangan holatlar bo‘yicha imkon qadar tezroq xabar berishga chaqirdi.
O‘z navbatida, epidemiologlarning taʼkidlashicha, odamlar infeksiyadan zararlangan va halok bo‘lgan hayvonlarga yaqinlashmasliklari zarur.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121916 | Инструменты