Huawei 1
Mayya Sandu Moldovada prezident saylovlarining birinchi turida g‘alaba qozondi

Moldovaning amaldagi yevropaparast prezidenti Mayya Sandu prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida o‘zining asosiy raqibi, mamlakat sobiq bosh prokurori Aleksandr Stoyanogloni ortda qoldirdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Sandu 41 foiz, Stoyanoglo 26 foiz ovoz to‘plamoqda, Markaziy saylov komissiyasi 96 foizdan ortiq ovozni sanab chiqqan.

Prezidentlik poygasining natijasi ikki haftadan so‘ng saylovning ikkinchi bosqichida hal qilinadi, chunki birinchi turda hech bir nomzod mutlaq ko‘pchilik (50 foizdan ortiq) ovoz ololmadi. Saylovning birinchi bosqichida 11 nafar nomzod ishtirok etdi.

Prezidentlik saylovlari kuni Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish intilishlari bo‘yicha ham referendum bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 54 foizdan ortig‘i Yevropa integratsiyasiga qarshi ovoz bergan. Saylov va referendumda ishtirok etish ko‘rsatkichi jami 51 foizdan oshib, respublikaning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi qatnashdi.

«Moldova mamlakatimiz erkinligi va demokratiyasiga misli ko‘rilmagan hujumga duch kelmoqda», dedi Yevropaparast prezident Mayya Sandu Kishinyovda jurnalistlarga referendumning dastlabki natijalarini sharhlar ekan. U aralashuvda «milliy manfaatlarimizga dushman bo‘lgan xorijiy kuchlar bilan ishlayotgan jinoiy guruhlar»ni aybladi va ularning maqsadi «demokratik jarayonga putur yetkazish» ekanini qo‘shimcha qildi.

Moldovaning yevrointegratsiyasi bo‘yicha referendumda - minimal farq

Moldovada 20 oktyabr kuni saylovchilarning yarmidan ko‘pi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish intilishlari bo‘yicha referendumda Yevropa integratsiyasiga qarshi ovoz bergan. Moldova fuqarolaridan «Siz Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlaysizmi?» degan savolga «ha» yoki «yo‘q» deb javob berishlari so‘ralgan.

Ikki lager orasidagi farq minimal. Moldova Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 97,4 foiz ovoz sanab bo‘lingandan keyin e’lon qilingan dastlabki ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 50,1 foizi Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlamagan, 49,9 foiz fuqarolar yoqlagan.

Kishinyovda va xorijda ovozlar hisoblanar ekan, Yevropa integratsiyasi muxoliflarining dastlabki ustunligi sezilarli darajada kamaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102113 | Инструменты