Facebook, Instagram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiya jamg‘armasiga 1 million dollar xayriya qildi, deb yozadi The Wall Street Journal.
WSJ manbasiga ko‘ra, xayriya qilish rejalari haqida kompaniya vakillari noyabr oyida, Facebook asoschisi Mark Sukerberg Trampning Mara-Laogidagi (Florida) qarorgohiga kechki ovqatga taklif etilganida ma’lum qilgan. Kechki ovqat oldidan Sukerberg Trampga Meta tomonidan yaratilgan Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklarini namoyish etgan va keyin uni prezidentga sovg‘a qilgan.
Bundan tashqari, Sukerberg hamda uning maslahatchilari Tramp davlat kotibi lavozimiga ilgari surayotgan senator Marko Rubio, shuningdek, Oq uyning uchta katta maslahatchisi — Stiven Miller, Vins Xeyli va Jyeyms Bler bilan uchrashgan. Meta’ning siyosiy masalalar bo‘yicha vakillari Joel Kaplan va Kevin Martin, shuningdek, respublikachi strateg Brayan Beyker Oq uy apparatining yangi rahbari Syuzi Uayls bilan ko‘rishgan.
Gazetaning qayd etishicha, Beyker uzoq vaqt Respublikachilar partiyasi sobiq moliya qo‘mitasi raisi Todd Riketsning oilasiga uzoq vaqt ishlagan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Sukerberg hamda uning rafiqasi Prissilla Chan Beykerni 2021 yil kuzda, ularga respublikachilar bilan munosabatlarini yaxshilashda yordam berishi uchun yollagan.
2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga bostirib kirilganidan keyin Facebook Trampni bloklab qo‘ygandi. Bunga u yozgan postlar zo‘ravonlikni targ‘ib qilgani aytilgan. 2023 yil boshida sobiq prezidentning Facebook va Instagramʼdagi akkauntlari qayta tiklangan, ammo ma’lum bir cheklovlar bilan. Iyulda Meta ushbu cheklovlarni olib tashlagan.
2024 yil avgustda Tramp o‘zining «Amerikani qutqarish» kitobida Sukerberg bilan uchrashgani va 2020 yilgi saylovlarda unga qarshi «haqiqiy fitnani rejalashtirgani» haqida yozgan. Gap Sukerberg va uning rafiqasi Prissilla Chan butun mamlakat bo‘ylab hukumat saylov komissiyalariga yordam berish uchun ikkita notijoriy tashkilotga 400 million dollar xayriya qilgani haqida ketmoqda. Ushbu kitobida Tramp Sukerbergga yana bir bor shu ishni takrorlasa, u «umrining oxirigacha qamoqda o‘tirishi»ni va’da qilgan.
Saylovoldi kampaniyasi doirasida Sukerberg biror-bir nomzodni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib, saylovlarda qandaydir yo‘llar bilan ishtirok etishni «rejalashtirmayotganini» aytgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121222 | Инструменты