Misr Isroil va HAMAS harakatiga G‘azo sektoridagi vaziyatni hal etish bo‘yicha yangi taklifni taqdim etdi. Uning doirasida 60 kunlik sulh tuziladi, garovda qolayotgan isroilliklar ozod etiladi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.
The National manbalarining ma’lum qilishicha, HAMASning ushbu tashabbusga dastlabki munosabati «umidbaxsh» bo‘lgan, ammo Isroil hukumati taklifni hamon o‘rganib chiqmoqda. 10 mart kuni Isroil Misrning taklifini vositachilar bilan muhokama qilish uchun o‘z delegatsiyasini Qatarga yuborgan.
Nashrning qayd etishicha, Misr vakillari oldinroq sulh taklifi tafsilotlarini HAMASning yuqori martabali vakillari — harakatning siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Halil al-Hayya, Maslahat kengashi — Majlis ash-Sho‘ro raisi Muhammad Dervish va harakatning O‘rdun daryosi G‘arbiy sohilidagi bo‘linmasi rahbari Zaher Jabarin bilan muhokama qilgan.
«Misr rejasi asosiy bandlari amerikaliklar bilan kelishilgan yangi yo‘l xaritasini o‘z ichiga oladi. U G‘azoda o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishilgan muddat tugaganidan, ya’ni 1 martdan beri biz kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqish mo‘ljallangan», — deydi manbalardan biri.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMAS harakatiga «oxirgi ogohlantirish» berib, garovga olinganlarning barchasini zudlik bilan ozod qilishni talab etgan edi. Biroq harakat bu tahdidni e’tiborsiz qoldirib, Isroil bilan kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tilmaguncha hech kim ozod etilmasligini ma’lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты