Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatning HAMAS va “Hizbulloh” guruhlari bilan to‘qnashuvini rasman “Qayta tug‘ilish urushi” deb atashni taklif qildi. Bu tashabbusni u 2023-yil 7-oktyabrda HAMASning Isroilga hujumi 1 yilligiga bag‘ishlangan hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida ilgari surdi.
Biz urushdamiz va uni yutamiz. O‘sha qora kundan beri kurashamiz. Bu bizning mavjudligimiz urushi — “Qayta tug‘ilish urushi”. Men urushni rasman shunday deb atamoqchiman, deyiladi Isroil bosh vaziri devonining uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotida.
Bosh vazir 7-oktyabrdagi qirg‘inni “Xolokostdan keyingi yahudiy xalqiga qarshi eng dahshatli hujum” deb atadi. U hozirgi urush mamlakat xavfsizligini ta’minlashning zaruriy sharti ekanini aytdi. “Biz mintaqada yangi xavfsizlik muhitini yaratmoqdamiz. Farzandlarimiz, kelajagimiz uchun, 7-oktyabrda sodir bo‘lgan voqea boshqa hech qachon takrorlanmasligi uchun”, dedi Binyamin Netanyaxu.
Netanyaxu mamlakat yetti jabhada zarba berayotganini va urush barcha belgilangan maqsadlarga erishilgunga qadar davom etishini ta’kidladi. Xususan, u G‘azoda HAMAS hukumatini ag‘darish, halok bo‘lgan va garovga olinganlarning barchasini uylariga qaytarish, G‘azo sektoridan Isroilga qaratilgan har qanday tahdidning oldini olish hamda janub va shimoldagi aholini xavfsiz boshpanasiga qaytishi asosiy maqsadlardan ekanini ta’kidladi.
Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Netanyaxu tomonidan urushga shunday nom berish tashabbusiga “Siz xohlaganingizcha ko‘plab nomlarni o‘zgartirishingiz mumkin, lekin sizning rahbarligingiz ostida Isroil tarixidagi eng yomon falokat sodir bo‘lgani haqidagi haqiqatini o‘zgartira olmaysiz. Bu hukumat — qayta tug‘ilish hukumati emas, bu — aybdorlik hukumatidir”, deya javob qaytargan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты