Ilon Mask Oq uy majmuasidagi ofis binolaridan yangi tashkil etilgan “Hukumat samaradorligi departamenti” (DOGE) shtab-kvartirasi sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Mask va boshqa tadbirkor — Vivek Ramasvami boshchiligidagi ushbu tuzilma faoliyati davlat xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan bo‘lishi kutilmoqda.
Nashr manbalari Mask uchun Oq uy yonida joylashgan Eyzenxauerning ma’muriy binosida joy ajratilishini kutmoqda. Bunday joylashuv tadbirkorga Donald Tramp lavozimiga kirishganida, unga tezda murojaat qilish imkonini beradi.
Mask Trampning o‘tish guruhi vakillari bilan allaqachon G‘arb qanotiga kirish darajasini muhokama qilgan, ammo bu muzokaralarning aniq tafsilotlari hozircha noma’lum. Oq uyning ushbu qismida erkin harakatlanish uchun maxsus ruxsatnoma kerak.
Mask Trampning saylov kampaniyasini faol qo‘llab-quvvatlab, yuzlab million dollar xayriya qilgan va saylovoldi poygasi davomida uning doimiy hamrohi bo‘lib, muntazam ravishda saylangan prezidentning Mar-a-Lagodagi qarorgohi hududidagi ijaraga olingan kottejlariga tashrif buyurdi.
Ushbu binoda Ramasvamiga ham ish joyi ajratilishi hozircha noma’lum. DOGE loyihasining o‘zi hukumat tuzilmasidagi to‘laqonli departament emas, Mask va uning xodimlarining maqomi davlat jarayonlarini boshqarishda ishtirok etuvchi tashqi shaxslar uchun qoidalarga rioya qilish bilan bog‘liq savollarni keltirib chiqaradi. DOGE xodimlari hozircha SpaceX’ning Vashingtondagi ofislarida ishlaydi, Tramp ma’muriyati va Departament vakillari esa loyihaning tuzilishi va byudjeti bo‘yicha izoh berishdan tiyilishmoqda.
Avvalroq Mask Trampning atrofidagilarga saylangan prezidentning Mar-a-Lagodagi qarorgohidan Oq uyga ko‘chib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishiga to‘sqinlik qilayotgani xabar qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11514 | Инструменты