Mars sirtida yoki hatto uncha chuqur bo‘lmagan joylarda suyuq holatdagi suvni topish ehtimoli nihoyatda past. Qizil sayyorada suv oqimlari harakatining ehtimoliy belgilari haqida fanga ma’lum barcha ma’lumotlarni umumlashtirgan olimlar shunday xulosaga keldi. Bu haqda Proceedings of the National Academy of Sciences jurnali xabar bermoqda.
Planetologlar uzoq o‘tmishda Mars dengizlar, daryolar, ko‘llar va yomg‘irli bulutlardan iborat to‘laqonli gidrosferaga ega bo‘lganiga deyarli shubha qilmaydi. Suv manbalari nima sababdan yo‘qolib ketgani bahsli masala. Farazlardan biriga ko‘ra, suvning katta qismi koinotga bug‘lanib ketgan bo‘lsa, boshqa farazda “yerga yutilgani”, ya’ni suv molekulalari qattiq jinslarning kristall strukturasiga singib ketgani aytiladi, bu jarayon gidratatsiya deyiladi.
Ammo gap shundaki, hozirgi kunda Marsdan olingan suratlarda juda shubhali belgilar kuzatilmoqda. Masalan, janubiy yarimshardagi Kimmeriya yeri markazidagi ayrim qiyaliklarda sirli chiziqlar paydo bo‘lmoqda. Bu chiziqlar yilning iliq faslida paydo bo‘lib, sovuq faslda yo‘qoladi. Bu esa Marsdagi yoz mavsumida ushbu hududlarda qandaydir jilg‘alar oqishi haqidagi fikrlarni keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, Qizil sayyoraning shimoliy qutbi yaqinidagi “Mars Arktikasi”da suvning ehtimoliy belgilari aniqlandi. Ularni o‘sha yerda ishlayotgan “Feniks” zondi o‘z tayanch ustunlarini tasvirga olayotganda payqagan: ustunlarda muzlagan suv tomchilariga juda o‘xshash kichik oq dumaloqlar paydo bo‘lgan.
Hozirga qadar bunday holat nazariy jihatdan mumkin deb hisoblanadi: Marsdagi qattiq sovuqqa qaramasdan, agar juda o‘tkir va konsentrlangan tuzli eritmadan iborat bo‘lsa, sayyorada suv mavjud bo‘lishi mumkin. Tuz suvda antifriz vazifasini bajarib, muzlash darajasini pasaytiradi. Marsda bunday tuzli eritma bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Eritmalarning tegishli konsentratsiyasida suv minus 75 daraja Tselsiyga qadar suyuq holatda qolishi mumkin. Aytgancha, Marsdagi o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha minus 50 darajani tashkil etadi. Demak, haqiqatan ham nisbatan iliqroq vaqt oralig‘ida bunday eritma hosil bo‘lishi mumkin.
Biroq Marsdagi juda past atmosfera bosimi jarayonga to‘sqinlik qiladi: suv faqat yetarli bosim ostidagina suyuq holatda bo‘la oladi, aksincha muz qizdirilganda to‘g‘ridan to‘g‘ri gaz holatiga o‘tadi. Shu sababli, Marsda suv bor-yo‘qligi haqidagi bahslar davom etmoqda.
Olimlar Mars yuzasida suyuq namakoblarning mavjudligini mutlaqo inkor etib bo‘lmasa-da, bu imkoniyat chegarasining eng so‘nggi nuqtasida turadi, ya’ni amalda deyarli imkonsiz, degan xulosaga keldi. Sayyorashunoslarning ta’kidlashicha, Marsda g‘alati mavsumiy chiziqlarning paydo bo‘lishini qum va chang oqimlarining harakati bilan ham tushuntirish mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121817 | Инструменты