Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Oqtovda halokatga uchragan Embraer 190 samolyoti yuzasidan bayonot berib, Rossiya aviahalokat ishini yashirishga uringanini aytdi. Prezident halokat yuzasidan Rossiyaga talablar qo‘ydi.
Ozarbayjon aviahalokatni tekshirish bo‘yicha Rossiyaning davlatlararo qo‘mitasi taklifini rad etdi. Aliyev buning sababini quyidagicha izohladi.
“Rossiya tomoni bizga bu ishni Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan tekshirishni rasman taklif qildi. Biz bundan qat’iyan voz kechdik. Sababi aniq, chunki bu institut asosan rossiyalik amaldorlardan iborat bo‘lib, uning tepasida rossiyalik fuqarolar turishi sir emas.
Bu yerda obyektivlik omillari to‘liq qanoatlantirilmasligi mumkin. Agar biz halokatdan so‘ng darhol Rossiya tomonidan ko‘rilgan adolatli va adekvat qadamlarni ko‘rganimizda, ehtimol, e’tiroz bildirmagan bo‘lardik. Ammo bu masalani yashirishga aniq urinishlar borligini ko‘rdik.
Samolyotga tushgan “oskolka”larning yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga yetkazgan jarohatlari aniq. Buni qandaydir qushlarga yoki gaz ballonining portlashiga yo‘yish ham ahmoqlik, ham insofsizlik”, dedi Ozarbayjon prezidenti.
Rossiyaga qo‘yilgan talablar
“Biz Rossiya tomoniga o‘z talablarimizni aniq bayon qildik. 27-dekabr kuni bu talablar ularga rasman topshirildi. Ular nimadan iborat? Birinchidan, Rossiya tomoni Ozarbayjondan uzr so‘rashi kerak. Ikkinchidan, ular o‘z ayblarini tan olishi lozim.
Uchinchidan, ular aybdorlarni jazolashi, jinoiy javobgarlikka tortishi va Ozarbayjonga, jabrlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lashi kerak — bu bizning shartlarimiz. Ulardan birinchisi kecha taqdim etilgandi. Umid qilamanki, boshqa shartlarimiz ham qabul qilinadi”, dedi Ilhom Aliyev.
U samolyot ataylab urib tushirilmagani, aybni tan olish, Ozarbayjondan o‘z vaqtida kechirim so‘rash va buni jamoatchilikka yetkazish amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar ekanini aytdi.
“Afsuski, dastlabki uch kun davomida Rossiyadan mantiqsiz versiyalardan boshqa hech narsani eshitmadik. Bizni xafa qilgani va hayratga solgan jihatlardan biri shundaki, Rossiya rasmiy tuzilmalari qandaydir gaz ballonining portlashi haqida taxminlarni ilgari surishdi. Ya’ni bu Rossiya tomoni masalani bostirishni xohlayotganini ochiq ko‘rsatdi va bu, albatta, hech kimga sharaf keltirmaydi” dedi siyosatchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10219 | Инструменты