Huawei 1
Ozarbayjon prezidenti maʼmuriyati Chechenistonning qurbonlarning oilalariga yordamini rad etdi

Ozarbayjon prezidenti maʼmuriyati Azerbaijan Airlines samolyoti halokatida nobud bo‘lganlarning oilalari Checheniston hukumatidan hech qanday yordamga muhtoj emasligini maʼlum qildi. Bu haqda maʼmuriyatdagi manbaga tayanib Day.az yozdi.

26-dekabr kuni Checheniston hukumati raisi Hasan Hakimov respublika rahbari Ramzon Qodirov nomidan halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oilasiga moliyaviy va "zarur bo‘lgan har qanday boshqa yordam" ko‘rsatilishini aytgan edi.

"Ozarbayjon hech qanday yordamga muhtoj emas. Bunday yordamni davlat ham, fuqarolar ham qabul qilmaydi. Fuqarolarimizga zarur yordamni o‘zimiz ko‘rsatmoqdamiz va ko‘rsatamiz. Ozarbayjon faktni tan olishni, uzr so‘rashni va tegishli tovon to‘lashni talab qiladi», dedi Ozarbayjon prezidenti maʼmuriyatidagi manba.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xodimlari Grozniy shahrida bo‘lib, rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda aviahalokat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Yana bir guruh xodim Qozog‘istonning Oqtov shahriga yuborilgan va halokat joyida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan. Halokatda 38 kishi nobud bo‘ldi.

Euronews va Reuters agentliklarining Ozarbayjon hukumatidagi manbalarga tayangan holda xabar berishicha, halokatga Rossiya raketasi sabab bo‘lgan. Ozarbayjon tomonining fikricha, raketa Grozniy ustida «dronlarning havodagi faolligi» paytida samolyotga qarata uchirilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, fyuzelajga zarar yetkazgan.

Rossiya rasmiylari bu maʼlumotni tasdiqlamadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 27 dekabr kuni Kreml Bokuning Rossiya samolyot halokati uchun uzr so‘rashi kerakligi haqidagi bayonotlaridan xabardorligini, biroq halokat sabablarini tekshirish yakunlanmaguncha «baholash huquqiga ega emasligini» aytdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122810 | Инструменты