AQSh Mudofaa vazirligi va Niger Milliy mudofaa vazirligi AQSh kuchlari va vositalarini Nigerdan olib chiqib ketish jarayoni tugaganini e’lon qildi. Bu haqda 16 sentabr, dushanba kuni AQShning Afrikadagi qo‘mondonligi (AFRICOM) ma’lumot berdi.
Jarayon shartlar bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgandan so‘ng 19 mayda boshlangan va 7 iyulda Niameydagi 101-havo bazasi va 5 avgustda Agadesdagi 201-havo bazasidan olib chiqish bilan davom etgan. Ikki yulduzli general va xodimlardan iborat AFRICOM muvofiqlashtirish elementi ham mamlakatdan olib chiqib ketildi.
"AQSh va Niger harbiylari o‘rtasidagi samarali hamkorlik va aloqa qo‘shinlarning xavfsiz, tartibli va mas’uliyatli olib chiqilishini ta’minladi, bu o‘zaro kelishilgan 15 sentabr sanasiga qadar yakunlandi", — deb xabar berdi Pentagon.
Niger qo‘shinlarini o‘qitish
AQSh kuchlari uzoq vaqtdan beri Niger qo‘shinlarini o‘qitib kelgan va mintaqada IShID hamda «Al-Qoida»ga qarshi sheriklar boshchiligidagi aksilterror missiyalarini qo‘llab-quvvatlagan.
Amerika harbiy kontingentini olib chiqish bo‘yicha kelishuvga aprel oyi oxirida AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kurt Kempbell va Niger bosh vaziri Ali Lamin Zeynning Vashingtondagi uchrashuvida erishilgan edi. May oyi boshida rossiyalik harbiylar Niger poytaxti Niameydagi Amerika havo bazasiga kirgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ta’kidlashicha, ruslar o‘sha paytda bazada joylashgan AQSh qo‘shinlari va harbiy texnikasidan foydalana olmagan.
Nigerdagi davlat to‘ntarishidan keyin Vashington bilan harbiy hamkorlik to‘xtatildi
Niger dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biridir. 2023 yil iyul oyida harbiy xunta mamlakatda hokimiyatni egallab oldi. Mart oyida isyonchilar Vashington bilan harbiy hamkorlik shartnomasini buzdi. Moskva aloqadorlikda gumon qilinayotgan davlat to‘ntarishidan oldin Niger AQSh, Fransiya va Germaniya kabi G‘arb davlatlarining G‘arbiy va Markaziy Afrikada guruhlarga qarshi kurashdagi asosiy sheriklaridan biri bo‘lgan. 2023 yil oktyabr oyida Fransiya o‘z qo‘shinlarini G‘arbiy Afrika mamlakatidan olib chiqib ketishni boshladi, jarayon dekabrgacha yakunlandi. Bundesver 2024 yil avgustida xuddi shunday qildi.
Reuters agentligiga ko‘ra, Vashington G‘arbiy Afrikada «B»rejasini izlamoqda, biroq jarayon sust va ekstremistik guruhlar faolligi tez o‘sib borayotgani haqida mintaqadan xabarlar kelyapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100723 | Инструменты