Huawei 1
Pokistonda sobiq bosh vazir ozod etilganidan keyin yangi norozilik namoyishlari boshlandi

Pokiston poytaxti Islomobodda kecha, 15-may kuni hibsga olinishi ham tartibsizliklarga sabab bo’lgan sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishiga qarshi namoyish bo’lib o’tdi. Bu safar norozilik namoyishlari hukmron koalitsiya tashabbusi bilan boshlandi – rasmiylar Oliy sudning Pokiston muxolifati yetakchisini garov evaziga ozod qilish haqidagi qaroridan qoniqmadi.

Ma’lum qilinishicha, hukmron koalitsiyaning 7 mingga yaqin tarafdorlari Oliy sud binosi joylashgan Islomoboddagi o’rab olingan hukumat qarorgohiga bostirib kirgan, biroq hozir vaziyat “nazorat ostida”, deya xabar beradi dpa axborot agentligi.

Pokiston hukumatining noroziliklarga chaqiruvi kuzatuvchilar tomonidan bosh vazir Shehboz Sharif boshchiligidagi koalitsiyaning Imron Xon tarafdorlariga kuch ko’rsatishga urinishi sifatida baholanmoqda.

Aytib o’tish lozimki, Pokiston muxolifati va hukumati o’rtasidagi ziddiyat bir necha oydan beri davom etmoqda. Imron Xon 9-may kuni hibsga olinganidan so’ng mamlakatda tartibsizliklar boshlandi, namoyishlar davomida kamida sakkiz kishi halok bo’ldi, 2 mingga yaqin kishi esa hibsga olindi. Shundan so’ng, 12-may kuni Pokiston Oliy sudi sobiq bosh vazirni ozodlikka chiqarishga qaror qildi.

Ma’lumot o’rnida, Imron Xon 2022-yilning aprelida unga ishonchsizlik votumi natijasida bosh vazirlikdan ketgan edi. O’shandan beri mamlakat rasmiylari unga qarshi korrupsiya, terrorizm va pul yuvish kabi 100 ga yaqin ayblovlar qo’ygan. Muxolifat tarafdorlari ta’qiblar siyosiy sabablarga ko’ra, deb hisoblaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61300 | Инструменты