Huawei 1
Politico: AQSh Isroil va "Hizbulloh" o'rtasidagi keng ko'lamli urush boshlanishidan xavotirlanmoqda

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroil va Livanning “Hizbullohi” guruhi o‘rtasidagi mojaro kuchayishidan xavotirlanmoqda, deb yozadi Politico AQSHning ikki yuqori martabali rasmiysiga tayanib. Oq uyda voqealar rivojlanishining mumkin bo‘lgan ssenariylaridan biri keng ko‘lamli mintaqaviy urush hisoblanadi.

Mintaqadagi so‘nggi voqealar - Livandagi “Hizbulloh” peyjerlari va ratsiyalarining portlashlari, raketa zarbalari va tashkilot qo‘mondonining o‘ldirilishi — Isroil harbiy kampaniyasining yangi bosqichi boshlanishi sifatida baholanmoqda. Amerika rasmiylarining aytishicha, Vashington keskinlashuvning oldini olish uchun Isroil vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Biroq AQSH vaziyat yomonlashishi mumkinligini kutmoqda, deydi Politico manbalari. Isroil “Hizbulloh”ga bosim o‘tkazib, muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga va Livanning zarbalari sababli shimolga ko‘chirilgan isroilliklarni qaytarishga urinmoqda.

Shu bilan birga, Oq uy mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyatini rasman qayd etadi. “Isroil-Livan chegarasida urush muqarrar emas va biz uning oldini olish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz”, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.

17 va 18-sentyabr kunlari Livanda “Hizbulloh” aʼzolarining yuzlab peyjerlari, shuningdek, simsiz aloqa va elektronika vositalari portlab ketdi. Oqibatda 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Bu voqeadan so‘ng “Hizbulloh” Isroil shimoliga katta hujum uyushtirdi va Isroil harbiylari Bayrut harakati qo‘mondoni Ibrohim Oqilni yo‘q qilganini e‘lon qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92112 | Инструменты