Rossiya prezidenti Vladimir Putin gazni Polsha orqali Yevropa davlatlariga yetkazib berishni taklif qildi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina orqali gaz tranziti bo‘yicha shartnoma yangi yilga bir necha kun qolganda uzaytirilmaydi. Moskva har qanday kontragent bilan shartnoma bo‘yicha tranzitni davom ettirishga tayyor. Ukraina Rossiyadan tashqari har qanday davlatdan gazni Yevropaga yetkazib berishga roziligini aytgan.
“Shartnoma yo‘q va uch-to‘rt kun ichida uni tuzish mumkin emas. U bo‘lmaydi”, dedi Putin.
U Rossiya hech qachon Yevropaga gaz yetkazib berishdan bosh tortmaganini va “iqtisodiy masalalarni siyosiylashtirmaslik” tarafdori ekanini ta’kidladi.
“Polsha o‘z hududi orqali marshrutni yopdi — u yerda faol marshrut ham bor, unga hech kim zarar yetkazmagan, hech qanday portlashlar bo‘lmagan, u ishlayapti, faqat tugmani bosish kifoya — shunda hammasi Polsha hududi orqali o‘tadi. U Yamal-Yevropa deb ataladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Polsha hududidan o‘tadi. Marhamat, ertaga ishga tushiring — biz yetkazib beramiz”, dedi Rossiya prezidenti.
Ukraina hududi orqali Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024-yil oxirida tugaydi. Ukraina uni uzaytirishni istamasligini ma’lum qilgan. “Gazprom” bilan tranzit bo‘yicha kelishuv 2019-yildan beri amal qilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya neftini Ukraina orqali Yevropa ittifoqiga “Drujba” neft quvuri orqali ham yetkazib beradi. Ukrainaning “Ukrtransafta” va Rossiyaning “Transneft” kompaniyalari o‘rtasidagi shartnoma 2029-yilgacha amal qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122803 | Инструменты