Tojikistonda 9 oyda 49 ming kishi rasman ishsiz deb tan olindi, bu umumiy mehnatga layoqatli aholining 1,8 foizini tashkil qiladi. Bu haqda respublika Mehnat va bandlik vazirligiga tayanib, AsiaPlus xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu davrda mehnat va bandlik organlariga 112 ming 515 nafar fuqaro murojaat qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga ko‘pdir. Murojaatlarning asosiy sabablari — ishga joylashtirish, kasbiy qayta tayyorlash va ta’lim olishga ko‘maklashish.
Xalqaro mehnat tashkiloti va Tojikistonning “Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi qonuniga (2003-yil) ko‘ra, mehnatga layoqatli yoshdagi, hozirda ishi yoki daromadli faoliyati bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ishga kirishga tayyor bo‘lgan har qanday shaxs ishsiz deb e’tirof etiladi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha 2023—2027-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida 355 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
9 oy davomida dastur 93 foizga bajarildi, bu uning yuqori samaradorligidan dalolat beradi, deyiladi vazirlik xabarida.
2024-yil oktyabr oyi (10 oy) holatiga ko‘ra davlat dasturi doirasida 63 831 kishi ishga joylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 foizga ko‘p.
Tojikistonda ishsizlik darajasini pasaytirish va mehnat bozoridagi vaziyatni yaxshilash, fuqarolarni ish bilan ta’minlash va kasbiy o‘sish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha faol ishlar davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111500 | Инструменты