Suriyaning muxolifatchilar tomonidan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad mamlakatdan qochish rejasi haqida deyarli hech kimni xabardor qilmagan, bundan bir necha soat oldinroq esa yig‘ilish o‘tkazib, harbiy rahbariyatni Rossiya tomoni yordami allaqachon yo‘lda ekaniga ishontirgan, deb yozadi Reuters agentligi.
Jurnalistlar 14 manba, jumladan Asadga yaqin bo‘lgan yordamchilari, hududdagi diplomatlar va xavfsizlik xizmatidagi suhbatdoshlar, shuningdek, eronlik yuqori martabali mulozimlar bilan gaplashgan.
7 dekabr kuni, muxolifatchilar Damashqqa kirib kelishi arafasida, Asad mudofaa vazirligidagi harbiy boshliqlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda armiya va kuchishlatar tuzilmalardagi 30 ga yaqin mulozimlar qatnashgan, Reuters manbasiga ko‘ra, prezident Rossiya harbiy yordami tez orada yetib kelishiga ishontirib, quruqlik qo‘shinlari pozitsiyalarini ushlab turishni so‘ragan.
Ammo, Reuters manbalariga ko‘ra, Asad bundan bir necha kun oldin ham Rossiyadan hech qanday harbiy yordam bo‘lmasligi haqida «aniq javob olib bo‘lgandi». Suriya sobiq prezidenti 28 noyabr kuni Moskvaga borgan, ammo uning harbiy aralashuv bo‘yicha so‘roviga «Kremldan ijobiy javob bo‘lmagan», deydi mintaqadagi uch diplomat. Suriya muxolifatining xorijdagi yetakchisi Hodi al-Bahraning aytishicha, Asad bu ma’lumotlarni o‘z safdoshlariga yetkazmagan. «U Moskva safaridan qaytib kelgach, o‘z qo‘mondonlari va mulozimlariga harbiy yordam ko‘rsatilishi haqida gapirgan», — deya ta’kidlaydi al-Bahra.
Qochishdan oldingi ish kunini yakunlagach, Asad prezident devoni xodimiga uyga ketayotganini aytgan, ammo buning o‘rniga aeroportga yo‘l olgan, deb hikoya qiladi uning yordamchilaridan biri. Bundan tashqari, u OAV bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Butayne Shaabanga qo‘ng‘iroq qilib, bayonot matnini tayyorlash uchun uyga kelishini so‘ragan. Matbuot kotibi borganida esa u yerdan hech kimni topa olmagan.
Asadning rejalari haqida qarindoshlari ham bilmagan. U ketishga tayyorlanayotganini o‘z ukasi, armiyaning 4-zirhli tank diviziyasi qo‘mondoni Mohir Asadga ham aytmagan. Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, Mohir Asad vertolyotda Iroqqa qochib o‘tgan, keyin esa Rossiyaga uchgan. Asadning amakivachchalari Ihob va Iyoz Maxluflar isyonchilar kirib kelganida Damashqda bo‘lishgan va mashinada Livanga qochishga uringan, ammo, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lda pistirmaga duch kelgan, Ihob halok bo‘lgan, Iyozning taqdiri esa noma’lum.
Asad hukumatining oxirgi bosh vaziri Muhammad Jaloliy Al Arabiya telekanaliga intervyusida aytishicha, prezident bilan shanba kuni soat 22:30 da telefon orqali gaplashgan va unga og‘ir vaziyatni tasvirlab, shahar ko‘chalaridagi vahima hamda tartibsizliklar haqida aytib bergan. «U shunday javob qaytardi: „Ertaga ko‘ramiz. Ertaga, ertaga“ — bu u menga aytgan oxirgi so‘zlar bo‘ldi», — deydi Jaloliy.
Yakshanba kuni Asad transponderi o‘chirilgan samolyotda Damashqdan uchib ketdi, deb hikoya qiladi Reuters’ning ikki suhbatdoshi. Suhbatdoshlarga ko‘ra, Asad avvaliga BAAdan boshpana olishni rejalashtirgan, ammo ushbu mamlakat rasmiylari xalqaro reaksiyadan xavotirlanib, uni rad etishgan. Ammo Moskva, harbiy aralashuvdan bosh tortganiga qaramay, «Asadni tashlab qo‘yishga tayyor emasdi», deb yozadi Reuters.
Manbalarga ko‘ra, Asadning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilgan, u Turkiya va Qatarni isyonchilar vakillari bilan aloqa o‘rnatishda vositachi sifatida jalb etgan. Ular Asadga qarshi isyonga boshchilik qilgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» bilan kelishuvga erishgan. Moskva shuningdek Suriya havo kengligini bortida Asad bo‘lgan Rossiya samolyoti to‘xtatilmasligi yoki hujumga uchramasligini kafolatlash uchun o‘z harakatlarini qo‘shni mamlakatlar bilan ham muvofiqlashtirgan, deydi Reuters’ning uch manbasi.
Yakunda Asad avvaliga rossiyaliklarning Lataqiya viloyatidagi aviabazasi joylashgan Hmeymimga borgan, u yerdan Moskvaga uchib ketgan. Asadning rafiqasi Asma va uch farzandi esa uni Rossiya poytaxtida kutib turgandi. Isyonchilar Asadlar oilasining asosiy qarorgohi vazifasini bajargan saroyda olgan video ham u o‘z uyini shoshilinch tarzda tark etganidan guvohlik beradi. Kadrlarda qozonda qolgan tayyor ovqat va sochilib yotgan oilaviy fotoalbomlar kabi shaxsiy buyumlarni ko‘rish mumkin. Reuters jurnalistlari Moskvadan boshpana olgan Asadning o‘zi bilan bog‘lana olmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121520 | Инструменты