Huawei 1
Reuters: Tramp Ukraina bilan kelishuvga undayotgan bir vaqtda Putin Rossiya iqtisodiyotidan xavotirda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan urushning asosiy maqsadlariga allaqachon erishilgan, deb hisoblab, endi Rossiya iqtisodiyotidagi nomutanosibliklardan ko‘proq tashvishlanmoqda. Bu haqda Kremlga yaqin manbalar Reuters agentligiga ma’lum qildi.Sibirning Omsk shahridagi oziq-ovqat bozorida xaridorlar kiosk (chakana savdoga moʻljallangan doʻkon) oldida navbat kutishmoqda
Foto: Reuters

"Putin urushning asosiy maqsadlariga, jumladan, Rossiyaning materik qismini Qrim bilan bog‘laydigan hududlarni nazorat qilish va Ukraina armiyasini zaiflashtirishga erishildi, deb hisoblaydi", deya manba so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Uning qayd etishicha, Rossiya prezidenti yuqori foiz stavkalari harbiy bo‘lmagan korxonalar va sanoatga kuchli ta’sir o‘tkazayotgani sababli urushning iqtisodiyotga ko‘rsatayotgan bosimini anglamoqda.

Rossiya mudofaa xarajatlarini postsovet davrining eng yuqori ko‘rsatkichi — yalpi ichki mahsulotning 6,3 foizigacha oshirdi, bu budjet xarajatlarining uchdan bir qismini tashkil etadi. Ishchi kuchi yetishmasligi bilan birgalikda, bu ish haqining oshishiga olib keldi.

"Neft, gaz va foydali qazilmalarni eksport qilish bilan harakatlanadigan Rossiya iqtisodiyoti Ukrainaga bostirib kirgandan keyin kiritilgan ko‘plab sanksiyalarga qaramay, so‘nggi ikki yil ichida barqaror o‘sishni namoyish etdi. Biroq so‘nggi oylarda ichki faollik ishchi kuchi yetishmasligi va rekord darajadagi harbiy xarajatlar fonida tezlashgan inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun joriy etilgan yuqori foiz stavkalari tufayli keskinlashdi", deb yozadi agentlik.

Bundan tashqari, hukumat budjet taqchilligini qisqartirish maqsadida soliq tushumlarini oshirishga intilmoqda.

Rossiya Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Oleg Vyugin yuqori stavkalarning saqlanib qolishi korxonalar va banklar balanslariga bosim o‘tkazishini aytgan. 2024-yil sentyabr oyida u Rossiya harbiy va mudofaa xarajatlarini keskin oshirgani sababli iqtisodiy buzilishlar kuchayishi xavfini ta’kidlagan edi.

"Putinning noroziligi 16-dekabr kuni kechqurun Kremlda biznes rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yaqqol ko‘rinib qoldi. U yerda u yuqori iqtisodiy amaldorlarni tanqid qildi. Putin kreditlar narxi tufayli xususiy investitsiyalar qisqarganini eshitib, ochiqdan-ochiq norozi bo‘ldi", deya ma’lum qildi ikki manba.

Putin 19-dekabr kungi izohlarida “stavka bo‘yicha muvozanatli qaror”ga chaqirgan edi. Ertasi kuni pul-kredit siyosati bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaziy bank bozorning 200 bazis punktga oshishi kutilayotganiga qaramay, stavkani 21 foiz darajasida saqlab qoldi.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp agar Rossiya Ukraina bilan urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilmasa, Rossiya sotadigan barcha mahsulotlarga boj, soliq va sanksiyalar joriy etishini ma’lum qilgandi. Tramp Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan “ular xohlagan vaqtda” uchrashishga tayyorligini ta’kidladi.

Maqola muallifi: Malika Norboyeva

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 43015 | Инструменты