Toshkent shahrida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova hamda sog'liqni saqlash vaziri birinchi o'rinbosari Davron Sultonov "Al-Amal" xalqaro jarrohlik guruhi rahbari Hishom Burizq va Kuvaytning "Shayx Abdulloh an-Nuriy" xayriya tashkiloti rahbari Abdulatif az-Zafiri bilan uchrashuv o'tkazdi.
TIV ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv davomida salkam 500 nafar bemorni bepul diagnostika va davolashni o'z ichiga olgan navbatdagi gumanitar missiyaning maqsadlari muhokama qilindi. Tomonlar aholining salomatligini mustahkamlash va zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi tashabbusning ahamiyatini ta'kidladilar.
Mazkur insonparvarlik missiyasining Qoraqalpog'iston uchun muhim ahamiyatga egaligi, loyiha esa nafaqat aholi salomatligini mustahkamlash, balki mamlakatlar o'rtasida sog'liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. Uchrashuvda tashkiliy masalalar, bo'lajak operatsiyalarni rejalashtirish, shuningdek, tibbiyot sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Suhbat chog'ida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan, qo'shma tibbiy dasturlarni amalga oshirish, o'quv tadbirlarini o'tkazish hamda ikki davlat mutaxassislari o'rtasida tajriba almashishga qiziqish bildirdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43017 | Инструменты