"Rossiya bir oyda qancha snaryad ishlab chiqarganini bilasizmi? Biz buncha snaryadni bir yilda ishlab chiqaramiz”, dedi Yevropa ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel. Bu haqda u Bryusseldagi geosiyosat forumida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Avvalroq Borrel Yevropa ittifoqi Ukrainani muntazam qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Rossiya bilan qarama-qarshilikda uni yetarlicha resurslar bilan ta’minlay olmaganini ta’kidlagandi.
“Biz Ukrainaga moliyaviy, gumanitar va harbiy yordamimizni davom ettirdik. Shu paytgacha bu maqsadlar uchun 122 milliard yevro, jumladan, harbiy yordam uchun 45 milliard yevro ajratdik. Shuningdek, yaqinda Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘ni Ukraina uchun ishlatishga qaror qildik”, dedi Borrel.
Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar “Yevropa ittifoqi uchun ekzistensial tahdiddir”.
Shuningdek, Josep Borrel 2024-yil oxirigacha Yevropa ittifoqi Ukrainaga 1 million o‘q-dori yuborish rejasini bajarishini aytgan.
Unga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon 980 ming dona snaryad olgan. Boshqa kelishuvlar va tashabbuslarni hisobga olgan holda, Ukraina yil oxirigacha Yevropadan 1,5 millionta snaryad olishi ma’lum qilingan.
Yevropa ittifoqi oliy vakilining so‘zlariga ko‘ra, snaryadlarni Ukrainaga yetkazib berish muddatlari ishlab chiqarish quvvati pastligi sababli kechiktirilgan. Uning aniqlik kiritishicha, Yevropa ittifoqi ishlab chiqarish quvvatini oshirdi, bu esa Ukraina Qurolli kuchlarini hozirgi darajada o‘q-dorilar bilan ta’minlashni davom ettirish imkonini beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120611 | Инструменты