Huawei 1
Rossiyada farzandiga rus tilini o‘rgatmagan migrantlar javobgarlikka tortiladi

Rossiya Ta’lim vazirligi maktabga qabul qilinish vaqtida rus tilini bilish bo‘yicha testni topshira olmagan farzandining qo‘shimcha o‘qishi uchun sharoit yaratmagan migrantlarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklifini berdi. Bu haqda idora tomonidan testlarni o‘tkazish tartibi loyihasida so‘z boradi.

Hujjatda aytilishicha, agar bola testni muvaffaqiyatli topshira olmasa, unga rus tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha dasturdan o‘tish taklif qilinadi. Bunday o‘qitish tizimi uch oy davom etishi va uning xarajatlari ota-ona tomonidan qoplanishi kerak.

Mintaqaviy hukumat hududiy IIV organlari va vasiylik organlariga migrantlarning maktabga qabul qilingan bolalari, shuningdek, kim testni topshira olmagani va qo‘shimcha mashg‘ulotlarga yo‘naltirilganiga oid ma’lumotlarni yuborishi kerak bo‘ladi.

Agar bola testni topshira olmaganidan bir oy o‘tib, u qo‘shimcha darslarga qatnashmayotgani aniqlansa, vasiylik organlari chet el fuqarosning turar joyida tekshiruv o‘tkazadi. Ular IIV va voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasini «bolaga ta’lim berish majburiyatini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik» holati bo‘yicha xabardor qilishi lozim. O‘z navbatida ular bolaning ota-onasini ma’muriy javobgarlikka tortadi.

2024 yil dekabrda Rossiya Davlat dumasi Rossiya maktablariga rus tilini bilish bo‘yicha testdan o‘ta olmagan migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi. Qonunga ko‘ra, maktabga qabul qilinishda «bolaning RF hududida qonuniy bo‘lib turgani tekshiriladi». Migrantlarning farzandlari uchun rus tili testini topshirish bepul bo‘ladi.

2024 yilda «Migrant Servis» tahlilchilariga ko‘ra, Rossiyani 1 millionga yaqin migrant, asosan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlar fuqarolari tark etgan. 2025 yilda bu tendensiya davom etishi va farazga ko‘ra, yana 1 millionga yaqin mehnat migranti xorijda yanada jozibador mehnat sharoitlarini izlab Rossiyani tark etishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20113 | Инструменты