“Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-11-son, 27.01.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, qurilishga ulushdorlarning mablag'larini jalb qilish 2025-yil 1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrgacha “eskrou” hisobvaraqlari orqali hamda hozirda amalda bo'lgan ulushli ishtirok etish tartibida to'g'ridan-to'g'ri jalb qilish mexanizmi bo'yicha parallel ravishda taraflarning tanloviga ko'ra amalga oshiriladi.
Shuningdek, mablag'larini jalb qilish 2026-yil 1-yanvardan faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
“Shaffof qurilish” axborot tizimi doirasida uy-joylar qurilishi bo'yicha elektron platforma yaratilib, 2025-yil 1-iyuldan to'liq ishga tushiriladi.
2025-yil 1-iyulgacha ulushli shartnoma bo'yicha talab qilish va garov huquqlarini boshqa shaxsga o'tkazishni nazarda tutgan holda ulushli shartnomalarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va soliq organlariga elektron ko'rinishda taqdim etib borish tizimi joriy etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini amalga oshirish bo'yicha loyiha ofisi tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20116 | Инструменты