Huawei 1
Myanma hukumati favqulodda holat rejimini olti oyga uzaytirdi

Myanma hukumati mamlakatdagi favqulodda holat rejimini yana olti oyga cho‘zadi. Bu boradagi qaror malakat harbiy xuntasi tomonidan Mudofaa va xavfsizlik milliy kengashi yig‘ilishi yakunida qabul qilingan.

«Umummilliy favqulodda holat rejimi olti oyga uzaytirildi. Umumiy saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligi ma’lum bo‘ldi. Erkin va adolatli saylovlarni ta’minlash uchun birinchi navbatda barqarorlik kerak», — deyiladi yig‘ilish ishtirokchilarining bayonotida.

2021 yilda Myanmada parlament saylovlari natijasidan norozi bo‘lgan harbiylar tomonidan harbiy to‘ntarish amalga oshirilgan. 2024 yil avgust boshlarida Myanmadagi harbiy rejimga qarshi kurashuvchi qurolli guruhlar Shan shtatidagi Qurolli kuchlar shimoli-sharqiy mintaqaviy qo‘mondonligi shtab-kvartirasini egallagan edi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar va OAVda davlat to‘ntarishiga oid xabarlar paydo bo‘la boshladi. Ammo hukumat ushbu ma’lumotlarni rad etdi va Vazirlar mahkamasi birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘z vazifalarini bajarishda davom etayotganini ma’lum qildi.

Myanma xuntasi mamlakatning sobiq rahbari, Nobel laureati Aun San Su Chjini hamon qamoqda ushlab kelmoqda. 79 yoshli ayol 14 ta jinoiy ish bo‘yicha — saylovlarni soxtalashtirishdan tortib korrupsiyagacha aybdor deb topilgan va 27 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning advokatlarining so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident barcha ayblovlarni rad etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20114 | Инструменты