Huawei 1
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Moskva Ukrainaga qarshi “abadiy” urushishga tayyorligini maʼlum qildi

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Moskva Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni cheksiz muddat davom ettirish niyatida ekanini maʼlum qildi. «Maxsus operatsiyamiz maqsadlariga tinch yo‘l bilan ham, harbiy yo‘l bilan ham erishish mumkin. Bizning qurolli kuchlarimiz qancha talab etilsa, shuncha jangovar harakatlarni davom ettirishga va oshirib borishga qodir», — deydi u.

Shu bilan birga, Nebenzya Rossiya qator talablari bajarilishi sharti bilan o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini taʼkidladi. Ular orasida — Ukrainada safarbarlik va g‘arb davlatlari tomonidan harbiy yordamlar ko‘rsatilishini to‘xtatish ham bor. 

Nebenzyaning “abadiy” urush haqidagi bayonoti Istanbul muzokaralarida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy ritorikasiga mos keladi. The Economist maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi muzokaralar davomida Medinskiy Ukrainadan Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojjya oblastlarini Rossiya nazorati ostiga berishni talab qilgan. Aks holda u Sumi va Xarkiv oblastlariga hujum tahdidini bildirgan va XVIII asrda Shvetsiya bilan boshlangan qarama-qarshilikka ishora qilib, Moskva urushni “abadiy” davom ettirishga tayyorligini taʼkidlagan.

Ushbu muzokaralar biror-bir jiddiy natijalarsiz yakunlandi. Bloombergʼning yozishicha, Donald Tramp maʼmuriyati uning fonida Medinskiyning muzokaralar jarayonidan chetlatilishini talab qila boshlagan.

Tomonlarning navbatdagi uchrashuvi 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadi. Uni o‘tkazish g‘oyasi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovdan chiqdi. Kiyev tinchlik memorandumni tayyorlab qo‘ygan va yangi maslahatlashuvlar oldidan takliflarni almashishni talab qilmoqda. Ammo Moskva hozirga qadar o‘zi tomonidan tayyorlangan bu turdagi hujjatni taqdim etmadi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60200 | Инструменты