Huawei 1
Ruandada Marburg virusiga qarshi dunyodagi ilk dori sinovi boshlandi

Ruanda Marburg virusiga qarshi birinchi klinik sinovlarni boshladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Afrikadagi mintaqaviy bo‘limi xabar bermoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, test sinovlari xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Sinovlar doirasida olimlar ikkita preparatning xavfsizligi va samaradorligini baholaydi: bular ilgari COVID-19 ni davolash uchun ishlatilgan remdesivir va Marburg virusiga qarshi ishlab chiqilayotgan MBP09 antitanachlari.

Klinik sinovlar ustida ishlashdan oldin ikki yillik tayyorgarlik o‘tkazilgan, unda 17 ta mamlakatdan, shu jumladan, Afrika va dunyoning boshqa mintaqalaridan 200 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etgan.

JSST so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Ruandada 27 sentabrdan beri 62 kishida kasallik qayd etilgan bo‘lib, ularning 15 nafari vafot etgan, qolganlar sog‘ayib ketgan. Shu bilan birga, kasallikka chalinganlarning 80 foizdan ortig‘ini mamlakat poytaxti Kigalidagi ikkita shifoxonaning tibbiyot xodimlari tashkil etgan.

JSST virusning davomiy tarqalish xavfini mamlakat ichida va mintaqada “yuqori”, ammo jahon miqyosida “past” darajada deb baholagan.

Marburg virusi gemorragik isitmani keltirib chiqaradi, bu kasallikdan o‘lim darajasi 88 foizgacha yetishi mumkin. Virus to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa natijasida yuqadi. Kasallik belgilari orasida yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i va holsizlik, shuningdek ich ketishi, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi kuzatiladi.

Marburg virusi Ebola virusi bilan bir oilaga mansub. Kasallik o‘z nomini 1967 yilda Germaniyaning Marburg shahrida yuz bergan epidemiya tufayli olgan. O‘shanda Germaniyaning Frankfurt, Serbiyaning Belgrad shahrida ham kasallanish holatlari qayd etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102120 | Инструменты