Huawei 1
Ruminiyadagi saylovlar birinchi turida o‘ta o‘ng siyosatchi g‘alaba qozondi

Mamlakat Markaziy saylov komissiyasining 25 noyabr, dushanba kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng va rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Saylov byulletenlarining 100 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng, ruminiyalik saylovchilarning 22,94 foizi Jorjyesku uchun ovoz bergani ma’lum bo‘ldi.

«Ruminiyani qutqarish ittifoqi»dan nomzod Yelena Laskoni 19,18 foiz natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni 19,15 foiz ovoz bilan mamlakatning amaldagi bosh vaziri, sotsial-demokrat Marchel Cholaku egalladi, u ekzitpollarga ko‘ra g‘alaba qozonishi bashorat qilingan edi. Millatchi Jorjye Simion 13,87 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Saylovda mag‘lubiyatga uchragan Cholaku Ruminiya Sotsial-demokratik partiyasi rahbari lavozimini tark etdi.

Ruminiyada davlat rahbari tashqi va xavfsizlik siyosatini belgilaydi, qurolli kuchlarning oliy qo‘mondoni hisoblanadi va razvedka xizmatlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Mamlakatda parlament saylovlari 1 dekabrga belgilangan.

Saylovda jami 13 nafar nomzod ishtirok etdi. Ikkinchi tur 8 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112613 | Инструменты