Afrika 3200 kilometrdan ortiq uzunlikdagi yoriq bo‘ylab ikkiga bo‘linishi va bu kutilganidan ham tezroq sodir bo‘lishi mumkin, deb yozadi Bild nashri.
Buning sababi tektonik plitalarning siljishidir. Ushbu jarayonning dastlabki belgilari 2005-yilda aniqlangan — o‘shanda Efiopiyada 50 km dan ortiq yoriq kuzatilgan. 2018-yilda Keniyada ham yer yorilishi yuz bergan.
Yerdagi bu yoriqlar 30 mln yil muqaddam, Afrika plitasi yorilib ketgan vaqtda vujudga kelgan Buyuk Rift vodiysi ustida joylashgan. Hozirda ushbu hodisaning oqibatlarini sirtdan ko‘rish mumkin.
Yaqin vaqtgacha geologlar Afrikaning ikki qismga bo‘linishi uchun 5-10 million yil kerak, deb hisoblashgan. Biroq, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu ancha oldin sodir bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Tulan universiteti geofizigi Sintiya Ebinger shunday dedi:
“Biz prognozni 1 million yilga qisqartirdik, ehtimol bu vaqtning yarmi kerak bo‘ladi”.
Olimlar tomonidan tektonik plitalarning ko‘chish mexanizmlari, yangi geologik tuzilmalarning hosil bo‘lishi va bu jarayonlarning atrof-muhitga ta’siri tadqiq etilmoqda.
Bo‘lingan Afrika qit’a xaritasini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yer qobig‘ining yorilishi mahalliy flora, fauna va suv resurslariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu hodisalar Atlantika okeani shakllanishining dastlabki bosqichlariga o‘xshab, olimlarga Yerning o‘tmishini o‘rganish va sayyoradagi kelajakdagi o‘zgarishlarni bashorat qilish uchun qimmatli materiallar taqdim etadi, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10813 | Инструменты