Shvetsiyaning Syodertelye shahrida 2023-yilda Qur’onni bir necha bor yoqqani ortidan tanilgan iroqlik Salvan Momika otib ketildi. Bu haqda Svergies radio xabar berdi.
Hodisa 29-yanvar kuni yuz bergan, erkak TikTok’da jonli efir olib borayotgan paytda hujumga uchragan. Holat yuzasidan besh kishi hibsga olingan. Jinoyat sodir bo‘lgan joy atrofi o‘rab olingan, ko‘p qavatli uy atrofida qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Salvan Momika 2018-yilda Iroqdan Shvetsiyaga kelgan va 2021-yilda uch yillik yashash ruxsatnomasini olgan. 2024-yil yozida uning vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi bir yilga uzaytirilgan. Shvetsiya prokuraturasi Momikaga “nafrat qo‘zg‘atish” moddasi bo‘yicha ayblov qo‘ygan. U 2023-yil yozida Stokgolmning to‘rt joyida Qur’onni yoqib yuborish bilan bog‘liq to‘rtta holat bo‘yicha ayblangan. Iroq Shvetsiyadan Qur’onni yoqib yuborgan fuqarosini topshirishni talab qilgan.
Qur’on yoqilgani aks etgan kadrlar jinoiy qilmishlar dalili hisoblanadi. 30-yanvar kuni sud Momikaga qarshi hukm chiqarishi kerak edi. Ammo sud hukmini e’lon qilish kechiktirildi. Chunki “ayblanuvchilardan birining o‘limi tasdiqlangandi”.
2023-yil 28-iyun kuni Iyd al-Adha (Qurbon hayiti)ni nishonlayotgan paytda, Stokgolm markazidagi maydonda birinchi marta musulmonlarning muqaddas kitobi yoqib yuborildi. Shundan so‘ng bir qator shunga o‘xshash harakatlar amalga oshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13101 | Инструменты