19-iyul, juma kuni Singapur qirg‘oqlari yaqinida ikki yirik neft tankeri to‘qnashib, yonib ketdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Singapur bayrog‘i ostidagi Hafnia Nile tankeri va San-Tome va Prinsipi kompaniyalariga qarashli Ceres I neft tashuvchisi Singapurning Pedra Branka orolidan taxminan 55 kilometr shimoli-sharqda to‘qnashib ketgan. Tor bo‘g‘ozda kemalar harakati faollashib ketgani, tezlik va tuman inobatga olinmagani oqibatida halokat kelib chiqqan.
Halokatning Singapur yonilg‘i quyish porti yaqinida ro‘y berishi mintaqa bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirgan. Chunki bo‘g‘ozga neft to‘kilishi xalqaro suv yo‘li yopilishiga olib kelishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko'ra, to‘qnashuv oqibatida 2 nafar dengizchi jiddiy darajada jarohatlangan va kasalxonaga olib ketilgan. Qolgan ekipaj aʼzolari esa tezda qutqarilib, xavfsiz hududga yetkazilgan. To‘qnashuv yuz bergan paytda Hafnia Nile kemasi bortida 22 kishi va Ceres I kemasida 40 nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan. Ikki tanker 19-iyul kuni tonggi 6:15 da to‘qnashib ketgan. Voqeadan ko‘p o‘tmay hududda patrullik qilayotgan Singapur va Indoneziya patrul kemalari halokat signali tarqatgan.
Qayd etilishicha, Panamax kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Hafnia Nile tankeri taxminan 300 000 barrel neftni olib ketayotgan bo‘lgan. Ceres I kemasida olib ketilayotgan yonilg‘i hajmi esa hozircha aniqlanmagan.
AQSHdagi Lloydʼs List razvedka boshqarmasi bosh tahlilchisi Mishel Bukman halokatga uchragan kemalar Eron neftini tranzit qilishda foydalanilganini maʼlum qilgan. So‘nggi bir oyda Ceres I kemasi Singapur bo‘g‘ozida kamida 3 marta tranzit amalga oshirgan.
"Ceres I bir necha bor AQSH sanksiyalarini buzgan holda Eron neftini tashish yoki jo‘natishda ishtirok etib kelgan", degan Mishel Bukman.
Shuningdek, bir qator rasmiylar kemalar halokati uyushtirilganini taxmin qilmoqda. Biroq buni isbotlovchi dalillar topilmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты