KLM Royal Dutch Airlines aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.
“Oslodan Amsterdamga KL1204 reysi havoga ko‘tarilayotganda baland shovqin eshitildi. Ekipaj samolyotni Sandeford aeroportiga yo‘naltirishga qaror qildi. Past tezlikda qo‘ngach, Boeing 737 uchish-qo‘nish yo‘lagidan chimga qarab harakatlanib ketdi. Hammasi bo‘lib bortda 176 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan, ular jabrlanmagan va hozirda nazorat ostida”, deyiladi aviakompaniya rasmiy bayonotida.
Samolyotdan yo‘lovchilar mobil narvonlar yordamida evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga qutqaruv xizmatlari tezda yetib kelgan. Hozirda rasmiylar va aviakompaniya vakillari yo‘lovchilar va ekipajga zarur yordam ko‘rsatmoqda. Tergov doirasida gidravlik nosozlik sabablari va hodisaga taalluqli holatlar ko‘rib chiqiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10114 | Инструменты