Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Suriyaning yangi rahbarlari “tovon puli” va “o‘tmishdagi xatolarni tuzatish” masalasini ko‘tardilar. Talablardan biri u yerdan qochib ketgan Bashar al-Assadni Rossiya Federatsiyasiga ekstraditsiya qilish edi.
Suriya prezidenti Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyingi ilk muzokaralarda Damashqdagi yangi hukumat Rossiya rasmiy delegatsiyasi bilan kompensatsiyalar va o’tmishdagi xatolarni tuzatish masalalarini ko‘tardi. Bu haqda 29-yanvar kuni Suriya ommaviy axborot vositalari va xalqaro agentliklar muzokaralar natijasiga asoslanib xabar berdi.
“Muzokaralar davomida Rossiyaning Suriya xalqining ishonchini tiklashdagi roli ta’kidlandi. Buning uchun konkret chora-tadbirlar, jumladan, kompensatsiyalar to‘lash, qayta qurish va tiklash ishlari muhimdir. Yangi hukumat Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklashda o’tmishdagi xatolarga ham e’tibor qaratish lozimligini bildirdi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, hujjatda Asad rejimi qurbonlari uchun adolat ta’minlanishi zarurligi qayd etilgan. Rossiya tomonidan qanday choralar ko‘rilishi va moliyaviy kompensatsiya ko‘zda tutilgan yoki yo‘qligi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Asadning ekstraditsiya qilinishi talabi
Reuters agentligi Suriya hukumatidagi manbaga tayanib, mamlakatning de-fakto rahbari Ahmad ash-Sharoa Rossiyadan Bashar Asadni ekstraditsiya qilishni talab qilganini bildirdi. Asad 2023-yil dekabr oyida Suriyani tark etib, Rossiyadan boshpana olgan edi. Rasmiy manbalar hozircha bu talab bo‘yicha bayonot bermagan.
Rossiya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov rahbarlik qildi. Shuningdek, tarkibda Rossiya prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentyev ham bor edi. OAV Bogdanovning Ahmad ash-Sharoa (shuningdek, Mohammad al-Juloniy nomi bilan tanilgan) bilan qo‘l berib ko‘rishgani aks etgan suratlarini e’lon qildi. Sharoa Rossiya tomonidan ilgari terrorchi tashkilot sifatida tan olingan “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSh) guruhining yetakchilaridan biri bo‘lib, Asad hokimiyatining ag‘darilishida muhim rol o‘ynagan.
Rossiya harbiy bazalarining kelajagi
Muzokaralardan so‘ng Bogdanov Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari kelajagi borasida yakuniy qaror qabul qilinmaganini va bu borada qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi. TASS agentligi xabariga ko‘ra, hozircha Tartus va Xmeymim bazalarining statusi o‘zgarmagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya delegatsiyasining Suriyaga safari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, Moskva yangi hukumat bilan muloqot o‘rnatishi zarurligini qayd etdi. Biroq, Suriyaning Rossiyadan kompensatsiya talab qilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi.
Asadning qochishi ortidan Kreml ritorikasidagi o‘zgarishlar
Bashar Asad 2023-yil dekabr oyida mamlakatdan qochganidan so‘ng, Rossiya Suriya muxolifatiga nisbatan o‘z ritorikasini o‘zgartirdi. Ilgari “terrorchi” sifatida ko‘rilgan guruh vakillari endi “rasmiy hukumat” sifatida qabul qilinmoqda. Yangi Suriya hukumati Moskva bilan tarixiy aloqalar va geosiyosiy manfaatlar asosida hamkorlikni davom ettirish istagini bildirgan.
Biroq, Bloomberg xabariga ko‘ra, Rossiya harbiy bazalarining kelajagi bo‘yicha muzokaralar murakkab kechmoqda. “Radio Svoboda” jurnalistlari tahlil qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Rossiya Tartus portidan harbiy texnikalarini olib chiqmoqda.
The New York Times nashri ta’kidlaganidek, Rossiya bazalarining yopilishi Moskvaning Yaqin Sharq va O‘rta Yer dengizi mintaqasidagi ta’siriga zarba bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Germaniya kabi Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Suriyaning yangi hukumatini Rossiya bazalarini yopishga undayotganini bildirgan.
Maqola muallifi: D. Jummayeva
Alpha version: 0.9.1.19 build 13102 | Инструменты