Tesla kompaniyasi 2022-yilning to'rtinchi choragi hamda yil yakunlari bo'yicha hosobot berdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Unga ko'ra, yilning oxirgi choragida avtomobillar sotuvidan tushgan daromad 21,3 milliard dollarni tashkil etgan, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga ko'p. Umumiy daromad – 24,32 milliard dollarni (+37%) tashkil qilgan.
Xabarga ko'ra, tahlilchilar umumiy daromadning 24,16 milliard dollarga yetishini tahmin qilishgan. Demak, natija kutilganidan ham yuqori bo’lgan.
Shuningdek, oktyabr-dekabr oylarida sof foyda o'tgan yilning shu davrida 2,3 milliard dollar bo'lgan bo'lsa, bu yil qariyb 3,7 milliard dollarga yetgan. Taxlilchilar esa bu ko’rsatkichni 3,8 milliard dollarga yetishini kutishgan edi.
Shu bilan birga, Tesla kompaniyasi 2022-yilda 1,4 millionga yaqin avtomobil ishlab chiqargan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich 1,8 millionga yetishini ma'lum qildi.
Ta'kidlanishicha, agar yil global ta'minot zanjirlaridagi katta muammolarsiz o’tsa, kompaniya 2 million dona avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Nashrning xabar berishicha, kompaniya Cybertruck pikapini ishlab chiqarishni 2023-yilda boshlashni rejalashtirmoqda. Biroq ommaviy ishlab chiqarishni boshlash faqat 2024-yilga mo'ljallangan.
Aytib o'tish lozimki, 2022-yil davomida Tesla aksiyalari 65 foizga tushib ketdi. 2023-yil yanvar oyida Tesla talabni qo'llab-quvvatlash uchun elektromobillar narxini pasaytirgandan so'ng, aksiyalarning narxi biroz tiklandi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Tesla asoschisi Ilon Mask bir yilda qariyb 200 milliard yo’qotib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60913 | Инструменты