Kecha, 20-dekabr kuni Tolibon yetakchiligidagi Afg’oniston Oliy taʼlim vazirligi talaba qizlarni universitetga kirishi taqiqlanganini eʼlon qildi.
“Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq Afg’oniston davlat va xususiy universitetlariga talaba qizlarning o’qishga kirishini zudlik bilan to’xtatish topshirildi”, deyilgan mamlakat Oliy taʼlim vazirligi vakili tomonidan tasdiqlangan hujjatda.
Ma’lumotlarga ko’ra, Tolibon ma’muriyatining bu bayonoti BMT Xavfsizlik Kengashining Nyu-Yorkda o’tkazilgan Afg’oniston masalalari bo’yicha yig’ilishi davomida qabul qilingan va AQSh, Buyuk Britaniya hukumatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qattiq qoralangan.
Aytib o’tish lozimki, xorijiy hukumatlar, shu jumladan Qo’shma Shtatlar qattiq sanksiyalarga duchor bo’lgan Tolibon ma’muriyatini rasman tan olish masalasini ko’rib chiqishidan oldin ayollar ta’limiga oid siyosatini o’zgartirishi kerakligini ma’lum qilgan.
AQSh hukumatining BMTdagi elchisi o’rinbosari Robert Vudning aytishicha, “Tolibon barcha afg’onlar huquqlari, xususan, inson huquqlari, ayollar va qizlarning asosiy erkinliklarini hurmat qilmagunicha xalqaro hamjamiyatning qonuniy a’zosi bo’lishni kutishi mutlaqo asossiz”.
Eslatib o’tamiz, joriy yilning noyabr oyida afg’on ayollariga Kobuldagi ko’ngilochar bog’larga kirish taqiqlangan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51222 | Инструменты