AQSh prezidenti Donald Tramp 29 yanvar, chorshanba kuni «antisemitizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi farmonni imzolamoqchi bo‘ldi, unda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarda qatnashgan xorijliklarni – talabalarni ham, boshqalarni ham mamlakatdan chiqarib yuborish nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda Reuters.
Agentlik keltirgan Oq uy matniga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi «amerikalik yahudiylarga qarshi terrorchilik tahdidlari, o‘t qo‘yish, vandalizm va zo‘ravonliklarni» jinoiy javobgarlikka tortish uchun «tezkor choralar» ko‘rishi kerak. Tramp, shuningdek, Yaqin Sharqda HAMAS guruhi hujumidan so‘ng boshlangan mojaroning kuchayishi munosabati bilan Amerikaning «kampuslari va ko‘chalarida» «antisemitizm portlashi»ga qarshi kurashish uchun «barcha federal resurslar»ni safarbar qilishga va’da bermoqda.
«Bu mamlakatdagi norozilik namoyishlariga qo‘shilgan barcha chet el fuqarolarini ogohlantiramiz: 2025 yilda biz sizni topib, deportatsiya qilamiz, - deb yozadi Reuters Tramp muallifligidagi hujjatga tayanib. - Men barchaning talabalik vizalarini tezda bekor qilaman Universitet kampuslarida HAMAS tarafdorlari radikalizm bilan kasallangan».
AQSh sudi Trampning grantlarni muzlatish haqidagi farmonini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi
28 yanvar kuni Vashington sudi Tramp ma’muriyatining barcha federal grantlar va boshqa turdagi hukumat yordamlarini muzlatish haqidagi buyrug‘ini vaqtincha blokladi, deb xabar bermoqda CNN. Boshqaruv va budjet idorasining (OMB) buyrug‘i kuchga kirishidan biroz oldin, sudya Loren Alixon notijorat tashkilotlar, kichik biznes egalari va sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari vakili bo‘lgan bir nechta advokatlik guruhlari tomonidan berilgan da’voni qondirib, farmonga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi.
Sudya o‘z qarorini Oq uy buyrug‘i «tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi xavfi» bilan asosladi. «Hukumat muzlatib qo‘yiladigan dasturlarning to‘liq hajmini tushunmaydi», dedi sudya.
Amerika matbuotiga ko‘ra, Trampning qarori, jumladan, universitet grantlari, kichik biznes uchun kreditlar, atrof-muhitni muhofaza qilish loyihalari va gender xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlashga ta’sir qiladi. Oq uy barcha federal yordam dasturlari to‘xtatilishini ushbu dasturlar Tramp siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga qanchalik mos kelishini tekshirish zarurligi bilan izohladi.
Keyingi sud majlisi 3 fevralga belgilangan. Shu paytgacha Tramp ma’muriyati AQSh Kongressi tomonidan tasdiqlangan hukumat yordam dasturlari doirasidagi to‘lovlarni to‘xtata olmaydi, deya qaror qildi sudya.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13023 | Инструменты