AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp NATO davlatlari yillik mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishi kerakligini aytdi. Respublikachi bu haqda 7 yanvar, seshanba kuni Floridada o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
Tramp: Men NATOni qutqardim
AQSh saylangan prezidenti birinchi prezidentlik davrida Yevropadan mudofaa xarajatlarini YaIMning 2 foizigacha oshirishni talab qila boshlaganini esladi. «NATO haqida mendan ko‘ra ko‘proq hech kim bilmaydi», dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansining yangi bosh kotibi Mark Ryutte 2024 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «agar men bo‘lmaganimda NATO mavjud bo‘lmasdi, degan edi».
«Men o‘shanda aytdim: agar siz to‘lamasangiz, biz sizni himoya qilmaymiz. Men buni aytishim bilanoq, pul kela boshladi. Obama buni aytishi mumkin edi, lekin buni mendan boshqa hech kim aytmadi. To‘g‘risini aytsam, men NATOni saqlab qoldim».
Oq uy sobiq rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uning talablaridan oldin «NATOning 28 davlatidan 21 tasi o‘z hisoblarini to‘lamagan» va u «680 milliard dollardan ko‘proq pul yig‘ishga» muvaffaq bo‘lgan. «2 foiz edi. Lekin 5 foiz bo‘lishi kerak», deya qo‘shimcha qildi u.
Jurnalistlar undan bu talabga aniqlik kiritishni so‘rashdi. «Ba’zilar yetarli pul to‘lamadi, ba’zilari esa 1 foiz to‘ladilar, - deb javob berdi Tramp. - NATOda 5 foiz bo‘lishi kerak. Menimcha, ular buni qila oladi».
«Agar sizning mamlakatingizda muntazam armiyangiz bo‘lsa, sizda - 4 foiz. Ularda esa xavfli hudud, ularda 2 foiz emas, balki 5 foiz bo‘lishi kerak», — deya xulosa qildi respublikachi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10909 | Инструменты