Huawei 1
Trampning maxsus vakili Moskvada Putin bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani aytilmoqda

AQSh prezidenti vakili Stiven Uitkoff Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasi uchun sudlangan amerikalik Mark Fogelni vataniga olib ketish uchun 11 fevral kuni Moskvaga kelganida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan bo‘lishi mumkin.

Bu uchrashuv fakti haqida Fox News boshlovchisi Shon Hanniti aytib o‘tgan. Undagi ma’lumotga ko‘ra, uchrashuv uch yarim soat davom etgan. Hanniti hech qanday tafsilot keltirmagan.

Oq uydagilar The Washington Post gazetasining bu boradagi so‘roviga javob qaytarmagan, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham har kungi brifing chog‘ida bu haqda hech narsa demagan.

Uitkoff hozirda rasman AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallab turibdi. U ko‘chmas mulkdan boylik orttirgan milliarder hisoblanadi. Uitkoffni Trampning eng yaqin safdoshlaridan biri deb atashadi, ular 1980-yillardan beri do‘st.

The New York Times manbalari ta’kidlashicha, Uitkoffning Moskvaga safaridan maqsadi faqatgina Mark Fogelni ozod qilish bo‘lmagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha hafta oldin Tramp Uitkoffga yashirincha Yaqin Sharq bo‘yicha kelishuvdan tashqari qo‘shimcha vakolatlar bergan va unga Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar kanalini ochishni topshirgan.

NYT suhbatdoshlari, shuningdek, Uitkoff Moskvaga tashrifidan oldin Putinning «yaqin ittifoqchilari» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borgani va muzokaralarda o‘zini ehtimoliy vositachi sifatida ko‘rsatayotgan Saudiya Arabistoni va Qatar vakillari bilan Rossiya-Ukraina mojarosini muhokama qilganini aytdi. Uitkoff Putin bilan uchrashgani yoki uchrashmagani haqida NYT maqolasida hech narsa deyilmagan.

Rasmiy ravishda Donald Tramp ma’muriyati Uitkoff Moskvadan qaytganidan so‘ng Mark Fogelning ozod etilishini jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha boshlanayotgan muloqot bilan bevosita bog‘ladi. 

«[Bu] Rossiya tomonidan ijobiy kayfiyatni ko‘rsatadi va biz Ukrainadagi urushni tugatish uchun to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganimiz belgisidir», — deyiladi Oq uy rasmiy xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21223 | Инструменты