Turkiya Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy muzokaralarga tayyor bo‘lsa, ularni o‘z hududida o‘tkazishga rozi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 15 may, payshanba kuni Anqarada Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng.
«Prezident Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralarni boshlash uchun tarixiy imkoniyat tug‘ilganini eʼlon qilib, texnik va yetakchilar darajasidagi muzokaralarni kuchli qo‘llab-quvvatlashini bildirdi», — deya xabar bermoqda Anadolu agentligi. Erdo‘g‘an Ukraina atrofidagi mojaro hozirgi bosqichda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan hal etishni talab qilishini alohida taʼkidladi va tomonlarni umumiy pozitsiyada kelishib olishga chaqirdi.
Anqarada Erdo‘g‘an va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Ularda Turkiya mudofaa vaziri Yasar Guler, Milliy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Kalin, Turkiya prezidentining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Akif Chagatay Qilich ishtirok etdi.
Ayni paytda Turkiyaning janubidagi Antaliya viloyatida Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan va AQSH davlat kotibi Marko Rubio NATO tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni osonlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51810 | Инструменты