Huawei 1
Yangi Orleanda avtomobil odamlarni bosib ketdi. 10 kishi halok bo‘lgan

AQShning Yangi Orlean shahrida yangi yil kechasi avtomobil shahar markazidagi odamlar ustiga haydaldi, deb xabar beradi CNN.

Voqea fransuz kvartalining asosiy ko‘chasi va shaharning eng mashhur turistik maskanlaridan biri hisoblanuvchi Burbon-Stritda sodir bo‘lgan. Ushbu ko‘chada ko‘plab barlar, restoran va tungi klublar joylashgan — hujum yuz bergan vaqtda ularning barchasi odamlarga to‘la edi.

Shahar favqulodda xizmatlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Guvohlarning CBS News’ga ma’lum qilishicha, odamlarni bosib ketgan avtomobil haydovchisi mashinadan tushib atrofdagilarga qarata o‘t ochgan. Politsiyachilar ham unga javoban o‘q uzgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki politsiyachi jarohat olgan, shifokorlar ularning ahvolini barqaror deya baholamoqda.

Fox News’ning ma’lum qilishicha, Federal qidiruv byurosi fojia yuz bergan hudud yaqinidan portlovchi qurilmani topgan. Yangi Orlean politsiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirgan, qo‘shimcha 300 nafar xodim jalb etilgan.

Haydovchi o‘ldirilgani yoki qo‘lga olingani hozircha aniq emas.

Luiziana shtati gubernatori Jyeff Lendri sodir bo‘lgan voqeani «dahshatli zo‘ravonlik akti» deb atadi va hujum yuz bergan joy atrofida yashovchilar mazkur hududga yaqinlashmaslikka chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10414 | Инструменты