Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan olingan foydani saqlab qo‘yish haqidagi qarorni ma’qulladi. Bu mablag‘lar keyinchalik Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va tiklash uchun ishlatiladi. Bu haqda YeI Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
"Bu Kengashga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, uni qayta tiklash va qayta qurish uchun keyinchalik ushbu mablag‘lardan foydalanish haqida qaror qabul qilinishiga yo‘l ochadi", deyiladi bayonotda.
Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu qaror muzlatilgan aktivlardan olingan daromadlarning huquqiy holatini aniqlaydi, shuningdek, Rossiya Markaziy bankining bir million yevrodan ortiq qiymatdagi aktivlariga egalik qiluvchi depozitariylar uchun ularni saqlash va hisobga olish qoidalarini belgilaydi.
G‘arb mamlakatlarida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Rossiya Markaziy bankining taxminan 300 milliard dollari muzlatib qo‘yilgan. Ushbu fondlarning aksariyati Yevropada joylashgan.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan foydalanish imkoniyatini 2022 yil kuzidan beri muhokama qilmoqda. Bir necha oy davom etgan bunday muhokamalardan so‘ng, maxsus ishchi guruh aktivlarning o‘zini musodara qilish qonuniy jihatdan mumkin emas degan xulosaga keldi, shundan so‘ng ulardan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishning qonuniy yo‘llarini izlashga qaror qilindi.
Yanvar oyi oxirida YeI davlatlari Yevrokomissiyaning muzlatilgan aktivlardan olingan foydani maxsus jamg‘armaga o‘tkazish rejasi bo‘yicha kelishib oldi, bu mablag‘ keyinchalik Ukrainani qayta tiklash uchun ishlatilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122704 | Инструменты