Huawei 1
Yer yuzida har soniyada 1,5 gektar yashillik nobud bo‘lmoqda

O‘rmonlar iqlimni muvozanatda ushlab turuvchi, biologik xilma-xillikni saqlovchi muhim ekotizim hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy bioxilma-xillikning 80 foizi o‘rmonlarda joylashgan. Daraxtlar yillik karbonad angidrid chiqindisining 30 foizini o‘ziga yutib, atmosfera musaffoligini saqlashda muhim o‘rin tutadi.

Ammo afsuski, bugungi kunda Yer yuzida har soniyada 1,5 gektar yashil qoplama nobud bo‘lmoqda. Bir yilda ikkita Shvetsariya hududiga teng o‘rmonlar yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bu esa ekologiyaga, ayniqsa, iqlimga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.    

Ma’lumki, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan “O‘rmonlarni barqaror boshqarishga muvofiq ravishda o‘rmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash bo‘yicha Harakatlar o‘n yilligi” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. BMTning 160 ga yaqin davlati mazkur hujjatni qo‘llab-quvvatladi.  

Yer yuzini o‘rmonzorlashtirishga qaratilgan 10 yillik dastur tashabbusi aynan O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgani bejiz emas. Zero, hozirda yurtimizda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili” deb nomlangani va yil nomiga monand Davlat dasturi qabul qilingani ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada jadal davom ettirishga asos bo‘lmoqda. Bugungi kunda yurtimizda o‘rmonlarning ulushi 8 foizni tashkil etadi. “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturida 2030 yilga borib mamlakatimiz hududining 30 foizini yashil maydonga aylantirish maqsadi o‘z aksini topgan.  

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu rezolyutsiya qabul qilingani O‘zbekistonning yana bir tashabbusining dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirofi, deyishimiz mumkin, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo G‘afforov. — Hujjatning asosiy maqsadi 2027 yildan 2036 yilgacha bo‘lgan davrda butun dunyo davlatlarida o‘rmonlarni tiklash, yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish, jahon hamjamiyatini bu borada faol choralar ko‘rishga chaqirishdan iborat. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning 12 ta rezolyutsiyasi qabul qilingan bo‘lsa, ularning aksariyati ekologik muammolarga, global iqlim tahdidlarini bartaraf etishga, mintaqamizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat ham dunyo mamlakatlarida yashillikni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashishga xizmat qiladi.    

Darhaqiqat, BMTning 2027-2036 yillarda o‘rmonlarni ko‘paytirishga qaratilgan ushbu rezolyutsiyasi ekologik barqarorlikni ta’minlashda dunyo miqyosida birlashishga xizmat qiladi, o‘rmonzorlashtirish ishlarida strategik yo‘l xaritasi bo‘ladi.    

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51222 | Инструменты