Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroil harbiylari hujumi oqibatida G‘azodagi maktabda 100 dan ziyod odam halok bo‘lganidan chuqur taassuf bildirdi.
So‘nggi haftalarda G‘azodagi kamida 10 ta maktab Isroil hujumiga nishon bo‘lganini tanqid qilgan YeI bosh diplomati ushbu ommaviy qirg‘inlarni biror asos bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlagan. Siyosatchi tinch aholi o‘limining oldini olish uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerakligini uqtirgan.
Avval xabar berganimizdek, Isroil armiyasi 10 avgust kuni G‘azo sektoridagi «Al-Tabain» maktabiga bergan zarba oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam yaralandi.
Tel-Aviv ma’muriyati maktabda HAMAS harakatining qo‘mondonlik markazi joylashganini iddao qilgan. Falastin harakati buni rad etgan.
WAFA axborot agentligiga ko‘ra, «Al-Tabain» maktabida uy-joyidan ajralgan 6000 ga yaqin falastinlik jon saqlab kelgan.
Falastin tashqi ishlar vazirligi maktabdagi qatliomni keskin qoralagan va bu fojia xalqaro tashkilotlar o‘z vazifasini bajara olmayotgani oqibati ekanini ta’kidlagan. Tashqi siyosat mahkamasi bayonotida qayd etilishicha, Isroil G‘azo sektoridagi boshqa xunrezlik amaliyotlari kabi «Al-Tabain» maktabidagi qatliom uchun ham javob berishi shart.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoridagi maktabga hujumni insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91800 | Инструменты