Yaponiyaning yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan Japan Airlines (JAL) kiberhujumga uchradi va yuzaga kelgan zarar uchun politsiyaga murojaat qildi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 26 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:24 da JAL’ning ichki va tashqi tizimlarni bog‘lovchi tarmoq uskunasi kiberhujumga uchragan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kiberhujum kamida 14 ta ichki reysga va xalqaro yo‘nalishlarga ta’sir ko‘rsatgan. Yo‘lovchilarning yuklarini qabul qilish tizimida uzilishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, kompaniya bugun, 26 dekabr kuni chiptalar savdosini ham to‘xtatganini ma’lum qilgan.
Ayni paytda kompaniya kiberhujumga uchragan routerni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, yil oxiri Yaponiyada transport tizimlari uchun eng band davrlardan biri hisoblanadi. Xususan, aeroportlar ro‘yxatdan o‘tish va xavfsizlik tekshiruvi punktlarida uzoq navbatlar haqida ogohlantirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122711 | Инструменты