Huawei 1
Luvr muzeyi restavratorlari milodiy VIII asrga oid Kattalangar Qur’onini tiklamoqda

Luvr muzeyining restavratorlari Kattalangar Qur’onini restavratsiya bo‘yicha ish olib bormoqda. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbus kiritgan. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Uzreport TV ga xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha,  Kattalangar Qur’onini restavratsiyasi uch bosqichga ajratilgan. Birinchi bosqich 2019-yilning 7—12-noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar belgilandi, shuningdek, Qur’on holatining yozma tavsiflari va fotosuratlari qayd etildi. Sahifalar alohida varaqlarga bo‘linib, Qur’on sahifalari chetiga zarar yetkazayotgan eski choklar olib tashlandi. Ikkinchi bosqich 2020-yil 5—12-fevral kunlari bo‘lib o‘tdi, unda Kattalangar Qur’onining barcha sahifalari namlash xonasiga joylashtirildi.  Sahifalarning aksariyati koreys va yapon restavratsiya qog‘ozlari bilan to‘ldirish orqali tiklandi.

25—29-may kunlari Kattalangar Qur’onini qayta restavratsiya ishlarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. 15 oy davomida press ostida bo‘lgan barcha 13 sahifa chiqarildi. Restavratorlar tomonidan Kattalangar Qur’oni tuzilishi uchun xavsiz neytral materiallardan quti tayyorlandi va barcha 13 sahifa avval kislotasiz papkalarga, so‘ngra zarur sharoitlarda saqlash imkonini beruvchi ushbu qutiga joylashtirildi.

Qur’on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanib kelgan bo‘lib, Islom dunyosidagi eng qadimgi Mushaf qo‘lyozmalaridan biri hisoblanadi. U 206 sahifadan iborat. Hozirda ularning atigi 98 sahifasi saqlanib qolgan, bundan 81 tasi Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. 

O‘zbekistonda Kattalangar Qur’onining 17 sahifasi mavjud va ularning 13 tasi O‘zbekiston musulmonlar idorasida saqlanadi (2003-yil dekabrida muftiy tomonidan olib kelingan), 1 sahifasi Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi nomidagi Sharqshunoslik institutida, 2 sahifasi — Buxorodagi Abu Ali ibn Sino nomidagi kutubxonada   va yana bir sahifasi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanadi. Ilmiy izlanishlarga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma VII asrning so‘nggi choragida — arab tili grammatikasi qoidalari shakllanayotgan paytda yozilgan.

Jamg‘armaning taklifiga binoan, Luvr muzeyi restavratorlari — Aksel Delau va Aureliya Streri tomonidan restavratsiya ishlari olib borildi. Bir qator mahalliy mutaxassislar ham jarayonda ishtirok etishdi. Bular: Komoliddin Maxkamov — O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasi mudiri, Shuhrat Po‘latov — Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning axborot va kutubxona resurslarini restavratsiya bo‘limi bosh mutaxassisi, Saidrahmat Ikromov — O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasining yetakchi mutaxassisi. Bu bilan Jamg‘arma restavratsiya ishlari davomida mahalliy mutaxassislar va ushbu sohadagi yetakchi xorijiy mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish uchun sharoit yaratib bergani ham ma'lum qilindi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122118 | Инструменты