Huawei 1
Namangandagi "Uchtepa-2" arxeologik obyektida otashparastlar ibodatxonasi joylashgani aniqlandi

Turizm va madaniy meros vazirligi  Namangan viloyati, Norin tumani hududida joylashgan "Uchtepa-2" arxeologiya obyektini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish bo‘yicha taklif  Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu obyekt akademik Ahmadali Asqarov tomonidan ochib o‘rganilgan va bir qator tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, "Uchtepa-2" o‘rnida qadimgi Xaylam shahri otashparastlar ibodatxonasi joylashgani aniqlandi. Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud bo‘lgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o‘choq izlari hamda sopol idish siniqlari topildi.

"Uchtepa-2"da o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yong‘in natijasida vayron bo‘lganini ko‘rsatdi. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlarida esa o‘tkir tig‘li qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topildi. Ushbu topilmalar va yong‘in izlari ibodatxonada jang olib borilganini ko‘rsatib turibdi.

Ushbu tarixiy obyekt kelajak avloda yetib borishi uchun bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda "Uchtepa-2" arxeologiya obyekti konservatsiya qilindi.

Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan "Uchtepa-2" arxeologiya obyektining devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyasiya ishlari amalga oshirilishi va obyektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish va isitish uskunasi o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda. 

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Qoraqalpog‘istondagi Mizdakxon maqbarasi bazasida noyob tarixiy-arxeologik park barpo etilishi, Toshkentda IX-X asrlarga oid boʻlgan arxeologik yodgorlik topilgani, Buxoroning  Shahriston bozori hududidan qadimiy noyob devoriy suratlar topilgani, Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida oʻrta asrlarga oid buyum qoldiqlari topilgani  xabar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51304 | Инструменты