Huawei 1
Toshkentda buyuk qozoq adibi Abay ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi

Bugun, 19-dekabr kuni Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida qozoq adibi va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida Turizm va madaniy meros vaziri, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi, “Jidebay-Borili” Abay muzeyi direktori, Tasviriy sanʼat galereyasi direktori, shuningdek, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

"Ushbu tadbir Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Bugun oʻz eshiklarini ochayotgan ushbu koʻrgazma buyuk mutafakkir Alisher Navoiy insonparvarlik anʼanalarini oʻzida saqlagan Abay ijodini yanada mukammal anglash imkonini berishiga ishonchimiz komil. Uning barcha xalqlar tinchlik va farovonlikda yashashi kerakligi, Sharq va Gʻarb uygʻunligi, jahon merosini oʻzlashtirish zarurati, ensiklopedizmga intilish, inson tabiatining mukammallashuviga oid gʻoyalari bugunga kelib ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan”, - deya taʼkidladi Aziz Abduhakimov.

Oʻz navbatida, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev koʻrgazmani yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

"Alisher Navoiy va Abay ijodi nafaqat turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishi namunasini oʻzida mujassam etgan buyuk merosdir. Har ikki mutafakkir turli davrlarda yashab ijod qilgan boʻlsa-da, ularni sheʼriyatdagi insonparvarlikka intilish, islohotchilik ruhi birlashtiradi. Ular ikki qardosh xalqning maʼnaviy ustunlaridir”, - dedi Dauren Abayev.

Koʻrgazmada qozogʻistonliklarning kundalik maishiy hayotida foydalanuvchi, dekorativ-amaliy sanʼat buyumlari, Abay hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari, grafiklari, shuningdek Abayning asarlari namoyish etilmoqda.

“Abay. Qardosh xalqlar merosi” koʻrgazmasi qator boʻlimlardan iborat boʻlib, quyidagilarni oʻz ichiga olgan:

- Koʻchmanchi madaniyat Abay ijodi shakllanishidagi asosiy omil;

- Abay ijodida Alisher Navoiyning tutgan oʻrni;

- Abay hayotining asosiy bosqichlari;

- Abay qahramonlari va syujetlari musavvirlar A. Kasteyeva, U. Tansikbayeva, Ye. Sidorkina, N. Otepbayeva va boshqalar ijodida.

Eslatib o'tamiz, mazkur koʻrgazma 30-dekabrga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122908 | Инструменты