Huawei 1
2025 yilgi Davlat budjeti loyihasiga qo‘mitalar o‘z takliflarini bildirdi

“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda. 

Jumladan, quyi palataning qo‘mitalari yig‘ilishlarida 2025 yilgi budjet loyihasi muhokama qilinar ekan, deputatlar qonun loyihasida byudjet mablag‘lari davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarishga yo‘naltirilgani, soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgani, fuqarolarning davlat budjetini shakllantirish va ijro etishdagi ishtiroki, shuningdek, budjet mablag‘laridan foydalanish va uning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar joriy etilayotganiga e’tibor qaratdi. Bu haqda parlament quyi palatasining axborot markazi xabar berdi.

Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi a’zolari tomonidan davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida tuman (shahar) mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, tuman (shahar) budjetlariga biriktirilgan daromadlar tarkibi o‘zgartirilgani hamda kelgusi yildan ayrim soliqlar tuman (shahar)larning mahalliy budjetlarida qoldirilayotganining natijadorligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, kelgusi yilda birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilarga ajratilgan mablag‘larning miqdori, xarajat yo‘nalishlari va byudjetdan ajratilgan transfertlar sarflanishining samaradorligi, natijadorligi va maqsadliligiga erishish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va bu orqali savdoni rivojlantirish maqsadida soliq, bojxona qonunchiligini hamda iqtisodiyotning turli sohalariga ajratilayotgan subsidiyalar va imtiyozlarni JST talablariga uyg‘unlashtirish borasida qonun loyihasida ko‘zda tutilgan choralar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari esa loyihada suv xo‘jaligi sohasida, paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar tomonidan tomchilatib va diskret sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash, 2025 yilda suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirishga, kanal va ariqlar betonlanishiga, ushbu yo‘nalishlarda maqsadli ishlarni amalga oshirish tadbirlari uchun alohida mablag‘lar ajratilayotganini ijobiy baholadi. Ushbu mablag‘lardan maqsadli foydalanish hamda natijadorlikka erishish borasida takliflar bildirildi.

Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, yoshlarning raqamli texnologiyalar bo‘yicha mukammal bilim olishi, kasb egallashi, ularni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish masalalari Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolarining diqqat markazida bo‘ldi. Loyihada tashabbuskorlar tomonidan deputatlarning iqtisodiyot tarmoqlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash, loyihalarni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida amalga oshirish uchun zaruriy infratuzilmalarni joriy etish, mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish kabi strategik masalalar va loyihalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar va ularni samarali sarflash yuzasidan ko‘targan masalalariga aniqlik kiritildi.

Kelgusi yilgi Byudjetnomada maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, jumladan, maktabgacha ta’lim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirish orqali qamrab olingan bolalarning nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi qamrovini 45 foizga yetkazish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini jami bitiruvchilar soniga nisbatan 50 foizga yetkazish uchun mablag‘lar ajratilgan. Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida mazkur mablag‘lardan samarali foydalanishga oid taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari 2025 yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlarning yanada takomillashuvi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida loyihada ko‘zda tutilgan mablag‘lar va ularning natijadorligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, 2025 yilda Davlat byudjeti loyihasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish, qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida ular sonini qisqartirish va umumiy tusdagi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini oshirish yuzasidan davlat boshqaruvi organlari oldida turgan muhim vazifalarni moliyalashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari 2030 yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsadida kelgusi yilda har bir tumanda keng jamoatchilik ishtirokida ekologik pasportlar va ekologik reyting ishlab chiqilishi, yirik korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilinishi, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan masalalarni ko‘tardi.

Shuningdek, Xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida 2025 yilda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini 5,5 mlrd. AQSH dollari hamda ichki obligatsiyalarni muomalaga chiqarishning yuqori chegarasini 30 trln. so‘m qilib belgilash taklif etilayotgani atroflicha o‘rganildi.

Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zolari esa oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash xarajatlariga grant mablag‘lari ajratilayotganini ijobiy baholab, mahallalarning boshqaruv tizimi faoliyatini kengaytirish borasida kelgusida qanday ishlar amalga oshirilishi yuzasidan mutasaddilardan vazifalarga aniqlik kiritishni so‘radi.

Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan kelgusi yilda Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq masalalar, xususan, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha savollar, fikr va mulohazalar bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112519 | Инструменты