Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 7,5 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, prognoz ko‘rsatkichlari 15% ga bajarilgan. Quyida ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar bo'yicha batafsil ma'lumot.
I. Investisiya masalalari
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 6,6 mlrd dollar;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari 941 mln dollarni tashkil qildi.
1. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha tarmoq korxonalari tomonidan 2,68 mlrd dollar hamda hududiy loyihalar bo‘yicha 3,9 mlrd dollar mablag‘lar o‘zlashtirildi.
Shu bilan birga, respublikaning 207 ta shahar va tumanlaridan 161 tasida prognoz ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan bajarilganligi hisobiga 1,14 mlrd dollar qo‘shimcha xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
2. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini o‘zlashtirish 941,3 mln dollarni tashkil qildi.
Mablag‘larining asosiy qismi Jahon banki (jami hajmga nisbatan 26,3 foiz yoki 248 mln. dollar), Osiyo taraqqiyot banki (24,6 foiz yoki 231,3 mln. dollar), Xitoy (8,3 foiz yoki 77,8 mln. dollar), Islom taraqqiyot banki (7,7 foiz yoki 72,0 mln. dollar), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (6,4 foiz yoki 60,4 mln. dollar) va Yaponiya (4,0 foiz yoki 37,5 mln. dollar) davlatlarining moliya institutlari hissalariga to‘g‘ri keldi.
Ushbu mablag‘lar asosan qishloq va suv xo‘jaligi (22,9 foiz yoki 215,4 mln. dollar), kommunal xo‘jalikka (19,3 foiz yoki 181,2 mln. dollar), energetika (12,5 foiz yoki 117,6 mln. dollar), transport infratuzilmasi (12,0 foiz yoki 112,7 mln. dollar), neftegaz va kimyo sanoati (11,3 foiz yoki 106,2 mln. dollar), sog‘liqni saqlash (8,6 foiz yoki 80,8 mln. dollar), ta’lim (4,8 foiz yoki 44,9 mln. dollar), axborot kommunikasiya texnologiyalariga (2,7 foiz yoki 25,2 mln. dollar), shahar va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash (2,2 foiz yoki 20,4 mln. dollar) sohalariga yo‘naltirildi.
3. Hisobot davrida Davlat investitsiya dasturi doirasida qiymati 3 mlrd dollarlik 72 ta yirik loyihalarni ishga tushirish orqali qariyb 12 mingga yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, 1,4 mlrd dollarlik 13 ta loyiha energetika va tog‘-kon metallurgiya sanoatida, 98,4 mln dollarlik 11 ta loyiha qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida, 1,7 mlrd dollarlik 67 ta loyiha to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari va boshqa sohalarda yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 931,5 mln dollarlik 7 ta yirik va ahamiyatli loyihalarni amalga oshirilishi natijasida quvvati 1 014 MVt bo‘lgan elektr stansiyalar barpo etildi hamda 181 km tashqi elektr ta’minot tizimlari va 22 ta nimstansiyalar modernizatsiya qilindi.
Shu bilan birga, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qiymati 285 mln dollarlik 16 ta yirik loyihalarni amalga oshirilishi natijasida yiliga quvvati 1 mln tonna bo‘lgan qurilish materiallarini ishlab chiqarish quvvati yaratildi va 1,1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Hududiy investisiya dasturlari doirasida qiymati 2,6 mlrd dollarlik 6 486 ta o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 92 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ta’minlangan.
Sentyabr oyining o‘zida qiymati 193,4 mln dollarlik 293 ta loyihalarning belgilangan muddatlardan oldin ishga tushirilishi ta’minlandi hamda 4,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
4. Erkin iqtisodiy zonalarda yanvar-sentyabr oylarida qiymati 293,7 mln dollarlik 56 ta investisiya loyihalari ishga tushirildi va 5 001 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Sanoat zonalari hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 550 ta korxonalar tomonidan 20,7 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan (110,1 foiz). EIZlar hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 217 ta korxonalar tomonidan 467,3 mln dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarilgan.
Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirish kamida 11,7 mlrd dollar tashkil etilishi kutilmoqda, shundan:
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar 9,5 mlrd dollar;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari 2,2 mlrd dollarni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Davlat va Hududiy investisiya dasturlariga muvofiq 14,6 mlrd dollarlik 10 668 ta loyihalar ishga tushirilib, 273 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.
II. Eksport ko‘rsatkichlari va tashqi iqtisodiy aloqalar tahlili
1. Hisobot davrida tovarlar va xizmatlar eksporti 11 mlrd dollarni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 127 foizni tashkil etdi.
Eksport hajmlarining o‘sishi asosiy drayver sohalar sifatida belgilab olingan tarmoqlar hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hisobiga ta’minlndi.
Xususan, to‘qimachilik (eksport – 2,4 mlrd dollar, o‘sish – 114 foiz), elektrotexnika (584 mln dollar, 1,5 barobar), qurilish materiallari (444 mln dollar, 1,5 barobar), alkogol, tamaki va vinochilik mahsulotlari (93 mln dollar, 2,4 barobar) kabi tarmoq korxonalari tomonidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar eksporti hisobiga ta’minlandi.
Respublika hududlaridan Toshkent (eksport hajmi – 681 mln dolllar, o‘sish surati – 129 foiz), Qashqadaryo (216 mln doll., 143 foiz), Navoiy (153 mln dollar, 116 foiz), Namangan (429 mln dollar, 127 foiz), Samarqand (432 mln doll., 142 foiz), Sirdaryo viloyatlari (221 mln dollar, 134 foiz) va Toshkent shahrida (1,3 mlrd dollar, 138 foiz) eksport hajmlarida yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi.
Shu bilan birgalikda 207 ta tuman va shahardan 156 tasida eksport hajmlari o‘sishi ta’minlanganligi hisobiga 1,4 mlrd dollar qo‘shimcha eksport hajmlari ta’minlandi.
2. “Dji-Es-Pi plyus” (GSP+) dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi davlatlariga 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotlarni bojxona bojisiz eksportga chiqarish imoniyati taqdim etilgan.
Yevropa Ittifoqi davlatlariga 516,2 mln dollarlik tovarlar eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 baravarga yoki 249 mln dollarga o‘sishi ta’minlandi.
Mazkur davlatlarga mineral o‘g‘itlar aralashmasi, tayyor tikuvchilik mahsulotlari, metall buyumlar, bo‘yolgan trikotaj mato kabi 10 turdagi mahsulotlar eksporti o‘zlashtirildi.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston Akkreditasiya markazi” DUK “Laboratoriyalar Akkreditasiyasi bo‘yicha hamkorlik” (ILAC) tashkilotiga, 28-sentyabr kuni esa “Xalqaro Akkreditasiya Forumi” xalqaro tashkilotiga (IAF) to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi.
Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalangan holda Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport hajmlarini keskin oshirish yuzasidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
- xalqaro tan olingan standart va sertifikatlar joriy etilgan korxonalar soni 1 400 taga yetkaziladi;
- respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari talabi va standartiga moslashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida sertifikasiya va muvofiqlikni baholovchi organlar faoliyati samaradorligi oshiriladi.
Buning natijasida yil yakuni bilan Yevropa Ittifoqi davlatlariga amalga oshiriladigan eksport hajmlari 800 mln dollarga yetkazilib, o‘tgan yilga nisbatan 2 baravarga o‘sishi ta’minlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42923 | Инструменты