Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘li velosport musobaqasi uchun maʼlum vaqtga yopiladi. Bu haqda viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29-30 aprel kunlari sportning velosport musobaqalari o‘tkazilishi munosabati bilan Bo‘stonlik tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.
Xususan, 29 aprel kuni o‘tkaziladigan musobaqalarda Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘lida joylashgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida transport vositalari harakati soat 08:00 dan cheklanadi. Velosportchilar ushbu joydan qo‘zg‘algandan so‘ng, Yuqori Chirchiq tumani orqali Bo‘stonliq tumaniga, u yerdan G‘azalkent va Qoronqul orqali Chorbog‘ qo‘rg‘oniga yetib boradi.
Bunda, yuqoridagi manzillar orasidagi avtomobil yo‘lida transport vositalari harakati to‘liq cheklanadi. Faqat velosportchilarga qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan haydovchilarga yo‘l ochiq bo‘ladi.
«Agar siz Bo‘stonliq tumaniga bormoqchi bo‘lsangiz, Qibray va Chirchiq shaharlari orqali harakatlanishingiz mumkin bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43000 | Инструменты