Farg'ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullajon Qosimov Yaponiyaning ilg‘or kompaniyalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlab beruvchi “Willtec” kompaniyasi prezidenti Chikara Miyagini qabul qildi. Uchrashuvda viloyatda bo‘lib turgan Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Sintaro Kavasima, viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Azimjon Yuldashev, Farg‘ona politexnika instituti rektori O‘ktam Salomov ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Farg‘ona politexnika institutida “Career Development Project” loyihasi doirasida “Willtec” kompaniyasining shoʻba korxonasi “Wat consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan Yapon tili va yapon texnologiyalarini o‘rgatish markazi faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
FarPI bitiruvchilarining Yaponiyada o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha faoliyat olib borish imkoniyatini taqdim etuvchi ushbu markaz, dastlabki bosqichda oliygohning kunduzgi va sirtqi bo‘limlarda qurilish va arxitektura yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan 4000 nafardan ziyod talabalarni qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Bir vaqtning o‘zida 175 nafar talabaga Yapon tili va yapon texnologiyalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan markaz, ikki yillik dastur asosida o‘quv amaliyotlarini tashkil etadi. Yaponiyaning yirik qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib boruvchi “Wat consulting”, markazni muvaffaqiyatli tamomlagan oliygoh bitiruvchilarini Yaponiyada o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha mehnat faoliyati olib borishlarini ta’minlaydi.
Keyingi bosqichda markaz kengaytirilib, axborot texnologiyalari hamda muhandislik yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan talabalar ham jalb etiladi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Sintaro Kavasimaga Farg‘onada Yaponiya bilan hamkorlikda kasbiy ta’lim hamda yapon tilini o‘rgatish bo‘yicha qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotganini ma’lum qilgan Fayzullajon Qosimov, dunyoda sifat darajasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlardan birini egallagan Yaponiya ta’lim tizimining Farg‘onada texnik soha mutaxassislarini tayyorlashda ham tatbiq etilishi viloyat uchun o‘ta ahamiyatli ekanini ta’kidladi va loyiha viloyat hokimligi tomonidan kelgusida ham to‘la qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20512 | Инструменты